21 yoshli talaba 3ta robot yasadi - Dono.uz

21 yoshli talaba 3ta robot yasadi

Joriy yilning 26 fevralidan 2 martigacha Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida «Marketing va reklama ADWEEK 2018» haftaligi bo’lib o’tdi. Haftalik doirasida o’tkazilgan innovatsion yarmarkada Toshkentdagi Inha universiteti talabasi Doston Mardiyev ham qatnashib, uchinchi o’rinni qo’lga kiritdi. U texnologik ishlanmalari haqida alohida ma`lumot berdi:

WALL-E

Birinchi robot maketi shunday nomlanadi. Uni yaratishimda multfilmdagi robot motiv bo’lgan. U uy bekalariga xo’jalik ishlarini bajarishda yordam beradi. Shuningdek, chiqindilarni yig’ib,maxsus joylarga tashish ishlarini bajaradi. Robotni 1 oy ichida yasab chiqdim. Universitet professori An Chong Ku moliyaviy tomondan yordam berdi, maslahatini ayamadi va O’zbekistondan topilmagan detallarni Janubiy Koreyadan olib kelib, loyihamni tugatishimga ko’mak berdi. Qurilmadan yong’inda va radiatsion hududlarda foydalansa bo’ladi. Unga sun`iy intellekt ham joylashtirmoqchiman. Shundan so’ng u og’zaki buyruqlarni bajaradi va imkoniyatlari kengayadi. Uning ko’ziga sensor moslamasi o’rnatilgan bo’lib, voqea haqida masofadan turib ma`lumot uzata oladi. Tanlovda maketni hakamlarga ko’rsatganimda, uni keyinchalik paxta terishga moslashtirish taklifini aytishdi. Yetarli investitsiya topolsam, buni amalda sinab ko’rmoqchiman.

«SMART» aravachalar

Bu robotni aeroport, vokzal va savdo markazlarida ishlatsa bo’ladi. Bunda aravacha maxsus g’ildirak va sensor bilan jihozlanadi va uning o’zi belgilangan joyga boradi. Ortiqcha mehnat sarflanmaydi. Hammasi avtomatlashtirilgan bo’ladi. Hozirda oldimizda turgan muammo robotning haqiqiy namunasini yaratish. Buning uchun mablag’ masalasi hal qilinishi kerak. Homiylar topish harakatini boshlaganman. Yurtimizda mashhur bo’lgan supermarketlar tarmog’i rahbarlariga va «O’zbekiston havo yo’llari» milliy aviakompaniyasiga loyihamni tanishtirmoqchiman. Bu hozirgi kunda muhokamaga sabab bo’layotgan aeroportlarda yo’lovchilarga ko’rsatilayotgan xizmat sifatini oshirishga yordam berishi mumkin. Turistlarni yurtimizga jalb qilishda ham muhim rol o’ynaydi. Investitsiya kiritilsa, uni reallikda ko’rish imkoniyati paydo bo’ladi.

Surat chizadigan moslama

So’nggi startap bolalarga rasm chizishni o’rgatadi. Kompyuterga ulangan qurilma dastur orqali boshqariladi. Unga jpeg formatidagi har qanday suratni joylashtirish mumkin. Kerakli surat tanlangandan keyin moslama ruchka bilan o’sha rasmni chizadi. Jarayonni kuzatib turgan holda mustaqil rasm chizishni o’rganish mumkin. Arxitekturada ham samarali qo’llasa bo’ladi. Binolarning rasmlarini yozma ko’rinishda taqdim etadi. Yengil sanoatda kiyimlar bichimini qog’ozga tushirishda ham foydalanish mumkin. Uni yasashimga 3-4 kun vaqt ketdi.

Manba: kun.uz

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Free WordPress Themes