Maktab bitiruvchilari va abituriyentlar uchun yagona imtihon joriy etilishi mumkin

“Umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi.

Unga koʻra:

  • 2021-2022 oʻquv yilida tajriba sinov tariqasida Oʻzbekiston respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan hududdagi umumiy oʻrta maktab va akademik litsey, 2022-2023 oʻquv yilidan boshlab barcha umumiy oʻrta maktab, akademik litsey va qabuli 9-sinf negizi asosida amalga oshiriladigan kasb-hunar maktabi bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari unifikatsiya qilinib, yagona test sinovlarini oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish;
  • umumtaʼlim muassasalarining joriy yil bitiruvchilari yakuniy davlat attestatsiyasi imtihoni sifatida uchta fan – ona tili (oʻzbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va Oʻzbekiston tarixi fanlaridan test sinovlarini topshirishi;
  • majburiy fanlar boʻyicha test sinovi natijalarini umumtaʼlim muassasasi bitiruvchilarining umumiy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjati (shahodatnoma, diplomi)ga qoʻyish;
  • oliy taʼlim muassasalariga kirish istagini bildirgan umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilari shaxsiy tanloviga koʻra, ixtiyoriylik asosida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos fanlardan test sinovlarini topshirishi;
  • 2022-yildan boshlab, avvalgi yillarda taʼlim muassasalarini tugatganlar belgilangan muddatlarda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos fanlar va majburiy fanlardan test sinovlarini topshirishini belgilash koʻzda tutilgan.

Test sinovlari natijalari oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun oʻtkaziladigan tanlovda baholash mezonlariga muvofiq inobatga olinadi.

Shuningdek, abituriyentga test sinovi topshirilgan fani boʻyicha 3 yil muddatda amal qiladigan abituriyent elektron sertifikati beriladi.

Test sinovlari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan umumtaʼlim muassasalarini joriy yil bitiruvchilari uchun may-iyun oylarida, umumtaʼlim muassasalarini avvalgi yillarda tugatganlar uchun iyun-iyul oylarida oʻtkaziladi.

yuz.uz

Ulashing | Поделись этим: