Abituriyentga psixologik yordam

Maktab va litseyni tamomlab, yangi hayotga qadam qoʻyayotgan yoshlarimizni oldilarida jiddiy imtihon kutib turibdi. Aslida har qanday imtihon turli emotsiyalarga boy, hayajonli, mavhum, qoʻrqinchli va albatta hayotimiz uchun ahamiyatli hisoblanadi.

Har bir inson imtihon kabi jiddiy sinovdan oʻtishi kerak. Imtihon oldi har bir abituriyentda aniq maqsad va unga etishish yoʻli haqida tushunchaning yaqqolligi muhim hisoblanadi. Abituriyent imtihon vaqtida muvaffaqiyatga erishishi yetarli bilimga egaligiga bogʻliq. Lekin bor bilimni ham koʻrsatib bera olmaslik muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. Mavzularni qanchalik yaxshi oʻzlashtirgan boʻlsangiz ham, imtihon vaqtidagi hayajon sizning dushmaningizga aylanishi mumkin. Imtihonda muvaffaqiyatli oʻtish uchun ikkita omilni hisobga olish kerak: nazariy va psixologik tayyorgarlikni.

Abituriyentga omadli test sinovi uchun psixologik maslahatlar!

Diqqatingizni jamlang! Roʻyxatdan oʻtish shakllarini toʻldirgandan soʻng, siz oʻzingiz uchun barcha tushunarsiz daqiqalarni aniqlab boʻlgach, diqqatni jamlashga va boshqalarni unutishga harakat qiling. Siz uchun faqat vazifalar matni va soatlar mavjud boʻlishi kerak. “Sekinroq shoshiling”! Qatʼiy belgilangan vaqt javoblar sifatiga taʼsir qilmasligi kerak. Javobni kiritishdan oldin, savolni ikki marta qayta oʻqing va sizdan nima talab qilinishini toʻgʻri tushunganingizga ishonch hosil qiling.

Osonidan boshlang! Testni yechishni sizda shubha tugʻdirmaydigan savollarga javob berishdan boshlang. Sizni uzoq oʻylantiradigan savollarga koʻp toʻxtalmang. Shunda siz tinchlanasiz, asabiyligingizdan xalos boʻlasiz. Miyangiz yana-da aniq ishlay boshlaydi. Sizning butun kuchingiz yana-da qiyin savollarga yoʻnaltiriladi.

Vazifani oxirigacha oʻqing! Vazifaning “birinchi soʻzlar” dan uning shartini tushunaman deb shoshqaloqlik qilmang. Bunda eng oson savollarga ham xato javob berish imkoni koʻpayadi.

Faqat hozirgi vazifa haqida oʻylang! Yangi vazifani oʻqiyotganda avvalgisidagi hamma narsani unuting. Qoidalarga koʻra, testlardagi vazifalar bir-biri bilan bogʻliq emas, shuning uchun siz ilgari qoʻllagan qoidalar va formulalar faqat yangi vazifani toʻgʻri hal qilishga xalaqit beradi.

Oxirgi vazifadagi muvaffaqiyatsizlikni unuting! Shunchaki har bir yangi vazifa ball toʻplash uchun yana bir imkoniyatdir deb oʻylang.

Istisno qiling! Agar siz darhol toʻgʻri javobni bilmasangiz va aniq mos kelmaydigan javoblarni ketma-ket chiqarib qoʻying. Istisno usuli, oxir-oqibat beshdan yettigacha emas, faqat bitta yoki ikkita variantga eʼtibor qaratish imkonini beradi.

Tekshirib koʻring! Oʻzingizning ishingizni tekshirishga vaqt ajrating, hech boʻlmaganda koʻzingizni yugurtirib, aniq xatolarni koʻrish uchun vaqt toping.

Taxmin qiling! Agar siz javobni tanlashga ishonchingiz komil boʻlmasa, unda intuitiv ravishda biror javobni tanlang. Baʼzida intuitsiyaga ishonish kerak. Sizningcha, ehtimol koʻproq boʻlgan variantni tanlang.

Ota-onalar uchun maslahatlar: farzandingizni imtihonga tayyorlashga qanday yordam berishingiz mumkin?

– Imtihon arafasida farzandingizning tashvishini kuchaytirmang — bu test natijasiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Ota-onalarning hayajoni har doim bolalarga oʻtadi.

— Farzandingizni xursand qiling, ularni yaxshi ishlari uchun maqtang.

– Farzandingizni oʻziga boʻlgan ishonchni oshiring, chunki bolalar qanchalik koʻp muvaffaqiyatsizlikdan qoʻrqsalar, xato qilish ehtimoli shunchalik koʻp boʻladi.

– Farzandingizni oʻzni qanday his qilishiga eʼtibor bering, sizdan boshqa hech kim uning ortiqcha charchogʻini, sogʻligʻini yomonlashishini sezmaydi hamda uni oldini olmaydi.

– Farzandingizni oʻqish rejimini nazorat qiling!Ozini ortiqcha yuklashga yoʻl qoʻymang.Doim dars qilish va dam olish oʻrnini alishtirib turishiga eʼtibor bering.

– Uyda darslar uchun qulay joy ajratib qoʻying! Uyda unga hech kim xalaqit qilmasligiga ishonch hosil qiling.

– Farzandingizni imtihonga tayyorgarlik texnikasi bilan tanishtiring. Barcha maʼlumotlarni yodlab olmasdan, uning asosiy magʻzini tushunish kerakligini uqtiring.

– Farzandingiz imtihonda vaqtni toʻgʻri sarflash kerakligini oʻrgating! Unga soat olib bering.

– Farzandingiz imtihon arafasida yetarli darajada uxlashi kerak. Farzandlaringizni imtihonda qancha ball olishi mumkinligi haqida uni tashvishga solmang va imtihondan keyin ularni tanqid qilmang! Ballar soni uning haqiqiy imkoniyatini oʻlchay olmasligi haqidagi fikrni unga singdiring.

Esda tuting: Sizning eng muhim vazifangiz — farzandingizning stressini va tashvishlarini kamaytirish va mashgʻulotlar uchun qulay sharoitlarni taʼminlashdir.

G.Baykunusova,

Psixologiya fanlari boʻyicha PhD

yuz.uz

Ulashing | Поделись этим: