Imtihonlar uchinchi avgustda boʻladimi?

Ayni vaqtda magistraturada oʻqish istagidagi 78 ming nafardan ortiq yoshlar kirish imtihonlarida ishtirok etish uchun onlayn ariza topshirdi. Bu raqamlar 2018-yilga nisbatan 7 barobar, 2019-yilga nisbatan 3 barobar koʻp.

Eng katta tanlov xorijiy tillar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va iqtisodiyot mutaxassisliklariga toʻgʻri kelmoqda. Masalan, Fargʻona davlat universitetida xorijiy tillar mutaxassisligida bir oʻringa 105 ta hujjat topshirilgan boʻlsa, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining kompyuter injeniringi mutaxassisligida bir oʻringa 68 ta, Iqtisodiyotda bir oʻringa 45 ta talabgor toʻgʻri kelmoqda.

Eng koʻp hujjat topshirilgan oliy taʼlim muassasalari qatorida Oʻzbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti va Termiz davlat universitetini koʻrish mumkin.

Kirish imtihonlari mutaxassislik fani va xorijiy tildan test koʻrinishida boʻladi. Shuningdek, mutaxassislik fani imtihonida bakalavriatda oʻrganilgan mutaxassislik fanidan tashqari ilmiy-pedagogik layoqatni va IQ darajasini aniqlashga qaratilgan testlar ham kiritiladi.

«Kirishi imtihonlarini 3-avgustdan boshlash rejalashtirilgan edi. Biroq, barchangizga maʼlum pandemiya rejalarimizga oʻzgartirishlar kiritmoqda. Shu boisdan magistraturaga qabul imtihonlari vaqti ham davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi, deydi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Axborot xizmati rahbari Farhod Babashev.

O’zA

Ulashing | Поделись этим: