Bugun O‘tkir Hoshimov tug‘ilgan kun!

U 1941 yil 5 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi. «Mehnat shuhrati», «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari bilan mukofotlangan.

«Tadbirkor»

Yangi kitobimga qalam haqi olgandim: yetti ming. Shundan olti mingini kitobni ko‘chirgan mashinkachiga bersam, qolganiga o‘rtacharoq etik ola olarmikinman, deb, pul sanab o‘tirgan edim, eshik jiringlab qoldi. Chiqsam, yetti-sakkiz yoshlardagi bola turibdi. Qo‘lida katta sumka. — Suv keyakmi, amaki? — dedi «r»ni yaxshi aytolmay. — Qanaqa suv? — Miniyay suv. Voy shumtaka-yey! Chanqaganimni qayoqdan bildi bu? — Kerak, — deyishim bilan sumkasini sharaq-shuruq qilib yerga qo‘ydi.
Bir shisha suv olib, eski lattaga hafsala bilan artdi. Cho‘ntagidan ochqich chiqarib, paqillatib ochdi. — Mang, amaki! Suvni g‘o‘lqillatib shishaning og‘zidan ichib qo‘ya qoldim. — Yigiyma besh so‘m! — dedi bolakay ko‘zimga tikilib. — Chayqovchilik qilish yaxshimas, — dedim nasihat qilib. — Men chayqovchimasman, amaki, tadbiykoyman. Yigiyma besh so‘m!
O‘rgildim, sendaqa «tadbirkor»dan! Shu qilganingga bir adabingni bermasam! Hali sanab o‘tirgan yuz so‘mliklardan bittasini uzatdim. — Qaytimini ber! — dedim to‘ng‘illab. Bolakay pulni uyog‘ini o‘girib, buyog‘ini o‘girib, shoshilmay tekshirdi. O‘ng cho‘ntagiga qo‘l suqqan edi, bir pachka yuz so‘mliklar ilashib chikdi. Chap cho‘ntagidan ellik so‘mliklar oldi. Ko‘krak kissasidan o‘n so‘mlik, besh so‘mliklar chiqardi. Chaqqonlik bilan sanab, yetmish besh so‘m qaytardi. — Butiykani beying! Yana suv keyakmasmi? — Keyakmas! — dedim men ham beixtiyor «r»ni aytishga tilim kelishmay. Endi eshikni yopayotgan edim, bolakay so‘rab qoldi: — Siz shoyiymisiz, amaki? Voy xuvoriyey! Kitob ham o‘qirkan-da bu?! — Men bolalarga yozmayman-da, — dedim yumshab. — Yozsam senga kitobimdan berardim. — Kitobmas, — dedi bolakay ko‘zini pirpiratib. — «Zeleniy» boymi? Hayron bo‘ldim. — Qanaqa «zeleniy»? — «Ko‘ki»dan. Dollay! — Bolakay barmoqlarini ishqalab tushuntirdi. — Dollay boymi? — Dollar? Menda dollar nima qilsin? Umuman, senga dollarning nima keragi bor? — O‘n besh mingim boy edi, — dedi u dona dona qilib. — Shuni dollayga almashtiymoqchiman. Dollay bomi, amaki? Eshikni qarsillatib yopdim. Narigi yoqda shishalarning shaqir-shuqiri eshitildi…

Ulashing | Поделись этим: