Oʻzbekistonda bolalar 14 yoshdan ota-onalaridan aliment undirishlari mumkin

Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslar oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga murojaat berishga haqli.

Oʻzbekistonda 14 yoshga toʻlgan bola ota va onasidan aliment undirish huquqiga ega boʻldi. Bu Oʻzbekiston prezidenti 10 mart kuni imzolagan 608-sonli qarorida belgilab qoʻyilgan.

Qonunga muvofiq, bola huquqlarining qoʻshimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan qator qonunlar va kodekslarga oʻzgartirishlar kiritildi.

Jumladan, Oila kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, oilada bolaning manfaatiga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola oʻz fikrini ifoda qilishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki maʼmuriy muhokama davrida soʻzlashga haqli.

Bunda qaror qabul qiluvchi organ va mansabdor shaxs bola manfaatiga taalluqli masalani hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qatʼi nazar, koʻrib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qilishi kerak.

“Shuningdek, ota-ona va bola alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek 14 yoshga toʻlgan bola bir vaqtning oʻzida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatishga haqli”, – deyilgan hujjat matnida.

Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslar oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga mustaqil ravishda murojaat berishga haqli.

Ulashing | Поделись этим: