Yozda shamollamaslik uchun…

Shamollashlarning 20 foizi aynan yoz mavsumida sodir bo‘ladi.

🤧 Sabab esa oddiy. Yozda hammamiz o‘zimizni namlikka, salqinga uramiz.
Ikkita omil hozir-u nozir bo‘lgan joyda organizm shamollaydi:
🔹 yallig‘lanish va virus.
Yallig‘lanishning sababi oddiy: muzdek suv ichamiz, yelvizak ostiga o‘zimizni tutamiz.

🤧 Tananing o‘ta qizib ketishi ham shamollashga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun 11:00 va 16:00 oralig‘ida quyoshning ultrabinafsha nurlaridan saqlanish kerak. Bu nurlar o‘ta faollashganda immunitetni tushirib yuboradi.

Davolanishning o‘ziga xosligi

Yozgi shamollashni davolashda qishdagi grippga qaraganda boshqacharoq choralar ko‘riladi.
➖ Qaynoq damlamalar tanani battar qizitadi, yoz mavsumida bu xavfli. Shuning uchun xona haroratidagi suv, kompot ichgan ma’qul.
➖ Qizituvchi surtmalar, ingalyatsiya ham issiq kunlarda to‘g‘ri kelmaydi. Yaxshisi, giyohlar tindirmasi bilan og‘iz, burun bo‘shlig‘ini chayib turish kerak. Ingalyatsiyani salqin oqshomda qilish mumkin.
➖ Tomirlarni toraytiruvchi burun tomchilaridan ehtiyot bo‘ling. Yurak-qon tomir bilan bog‘liq muammosi borlarga jaziramada bunday tomchilar mos kelmaydi. Tumovni to‘xtatish uchun namakobdan foydalangan yaxshi.
➖ Yozdagi mo‘l-ko‘lchilik, mevalar pishiqchiligi immunitetni tezda ko‘tarib, organizmni tiklashga yordam beradi. Mevalarning o‘zini yoki kompot va sharbat ko‘rinishida iste’mol qilish ayni muddao.

Profilaktika

➖ Konditsionerga «mehr» qo‘ymang. U quruq havo ishlab chiqaradi, shu bois burun bo‘shlig‘ini quritib, tabiiy mikroflorani buzadi.
Xona harorati 21 S dan past bo‘lmasligi kerak. Tashqari va ichkaridagi havo oralig‘i 5-7 darajadan farqlanmasligi maqsadga muvofiq.
➖ Muzqaymoqlar «ummoni»ga sho‘ng‘ib ketmang. «Muzlagan» tomoq bo‘shlig‘ida mahalliy immunitet pasayadi, u viruslar bilan kurasha olmaydi.

✅ Salqin ichimliklar vaqtinchalik chanqoqni qoldiradi. Muzqaymoqni eritib yeng, tana harorati bilan bir xil ichimlik ichish chanqoqni tezroq yengadi.
➖ Muzdek suvda cho‘milishda ehtiyot bo‘ling. Tana haroratining birdaniga tushib ketishi nafaqat shamollashni chaqiradi. Balki yurak ishini ham chatoq qilishi mumkin.
Avval iliq dush qabul qilib, tanani suvga moslashtirib, keyin suvga sho‘ng‘ing.
Harorat birdaniga emas, asta-sekinlik bilan o‘zgarishi kerak.

“Shifo-info” gazetasidan

Ulashing | Поделись этим: