«Zato»dan voz kechish vaqti keldi!

Nega davlat tili yagona bo‘lmasligi kerak? Til bu davlat ramzlaridan biridir. Bayrog‘imiz yagona, gerbimiz yagona, madhiyamiz yagona. Demak, tilimiz ham yagona bo‘lmog‘i shart!

O‘z tiliga ingliz va rus tillarini aralashtirishga zo‘r berib gapiradigan tanishlarim yo‘q emas. Ular bu so‘zlash usuli bilan go‘yo o‘zlarini “zamonaviy” ekanliklarini yoki ko‘proq tillarda so‘zlasha olishini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘ladilar. Bu holatni deyarli barchangiz yo‘l-yo‘lakay, ish va o‘qish jarayonida, bozor va shunga o‘xshash gavjum joylarda guvohi bo‘lgansiz. Biroq shu kabi “zamonaviy” hamyurtlarimizga “Nega ona tilimizga hurmat ko‘rsatmayapsiz?” deb tanbeh bermaganmiz. Undan buning uchun izoh so‘ramaganmiz. Hech bo‘lmaganda, bu ishi xato ekanini bir og‘iz aytib qo‘ymaganmiz.

Hammasidan ham biz uchun bu odatiy holga aylanib qolgani achinarlidir. Buyuk bobokalonimiz Abdurauf Fitrat bundan 101 yil muqaddam, ya’ni 1919 yil 12 iyun “Ishtirokiyun” ro‘znomasida tilimizni boy, ammo baxtsiz ekanini birma-bir izohlab bergan ekan. Tilimizning baxtsizligi o‘zimizdan emasmi? Aslida jamoat joylarida ona tilimizni buzib gapirish, bu uyat bo‘lishi kerak.

Go‘yoki, aksirganimizda, yo‘talganimizda odamlardan qanchalik xijolat tortsak, ona tilimizni buzib, ajnabiy tillarga qorishtirib tashlayotganimizda bundan ming chandon ko‘proq uyalishimiz kerak. Demak, tilga hurmatni jamiyatga odob qoidasi sifatida singdirish ham lozim.

Vatani, ajdodlaridan g‘ururlangan odam o‘z tilini ham hurmat qilishi kerak. Qachongacha bekatni “astanovka”, oziq-ovqat mahsulotlarini “produkta” deymiz? Allaqachon “zato”, “tolko” kabi kundalik qo‘llashga odatlanib qolgan so‘zlardan voz kechishimiz kerak edi. Tilga hurmatni hammamiz o‘zimizdan, o‘z oilamizdan boshlashimiz lozim. Mening nazarimda, tilimizga hurmat ko‘rsatishni qonun bilan mustahkamlanishini kutish shart emas edi. Tilga muhabbat onamizga bo‘lgan muhabbat kabi qalbimizda nish urmog‘i joiz, aslida. Onamiz yagona, Vatanimiz yagona, demak, tilimiz ham yagona bo‘lishi adolatdandir. Hazrati ajdodlarimizdan, bobo-momolarimizdan meros bo‘lib kelgan tilga aslo befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q.

Prezident tashabbusi bilan 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami, deya e’lon qilindi. Endilikda bu kunni xalqimiz umumxalq bayrami sifatida nishonlaydi. Bu qaror tilimizning maqomu martabasini oshirdi. Uning e’zozini, mavqeini yana bir necha pog‘onaga ko‘tardi. Shu o‘rinda Adliya vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan birorta davlat tashkiloti ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmasa, o‘sha tashkilotning mansabdor shaxsiga jarima solinishi belgilangan qonun loyihasini ham qo‘llab-quvvatlayman. Bu masala yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda har kim har xil fikrlar bildirmoqda.

Ushbu qonunni nihoyatda adolatli va, o‘z o‘rnida, muhim qaror deb hisoblayman. Nafaqat davlat tashkilotlari, balki yurtimizda faoliyat yuritayotgan barcha tashkilotlar davlat tili – o‘zbek tilida ish yuritishi shart bo‘lishi kerak. Shu yurtning oddiy fuqarosi, yosh ijodkor sifatida ona tilimizni qadr topishiga intilayotgan barcha ziyolilarni qo‘llab-quvvatlayman. Tilimizga bo‘lgan hurmatni vijdonim oldidagi burchim deb bilaman.

Mamlakatimizda ona tilimiz ravnaqiga berilayotgan e’tibor – milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari ildam borayotganimizni tasdiqlaydi. Bebaho qadriyatlarimizni o‘zida jo etgan tilimiz – o‘zbek tilini baxti uchun har birimiz mas’uliyatni sezishimiz va zimmamizga olishimiz kerak. Unga hurmatni kundalik faoliyatimizdagi so‘zlashish usulimizni nazorat qilishdan boshlasak to‘g‘ri bo‘ladi.

Ilk bora aytilgan so‘zim hurmati,
Nomingga onamni qo‘shib aytaman,
Ona tilim deyman vijdon matlabi,
Sensiz men kim bo‘ldim, kimman, qaydaman…

Kamola Abduvaliyeva,

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” partiyasi faoli, jurnalist.

© Namangan24.uz

Ulashing | Поделись этим: