Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish milliy dasturi tasdiqlanadi

O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqish, infratuzilma va o‘quv tizimi, kitobxonlik bilan bog‘liq muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar:

2020-2025 yillarga mo‘ljallangan kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi;

Dasturni 2020-2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Dasturni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlar hamda moddiy-texnik bazasini takomillashtirish;

xalqimiz, avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni belgilash;

joylarga, ta’lim muassasalariga vaqtida va maqbul narxlarda kitob yetkazish tizimini tubdan takomillashtirish choralarini ko‘rish;

milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘liq muhim masalalarni hal etishga qaratilgan tizimli ishlarni tashkil etishning huquqiy asoslarini yaratish;

ta’lim muassasalari va hududiy kutubxonalarni markazlashgan kutubxona – “Yagona elektron kutubxona” loyihasi asosida birlashtirishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlarni belgilash;

hududlar, aholi punktlarida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan aniq mexanizmlar ishlab chiqish;

har yili yosh ijodkorlarning innovatsion loyihalarini amaliyotga joriy qilish orqali mamlakatimizga kiritilayotgan investitsiyalardagi yosh ijodkorlarning ulushi oshishini ta’minlash;

o‘quvchilarning qiziqishini o‘rganish, sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish orqali kitob mahsulotlari ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish;

kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kitoblarni, ayniqsa, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini belgilash;

kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan loyiha va tanlovlarni tashkil etish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining O‘zbekiston Respublikasida 2021 yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi haftasini “Kitobxonlik haftaligi” etib belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.

Belgilanishicha, Dastur quyidagilarni nazarda tutuvchi uch bosqichda amalga oshiriladi:

birinchi bosqich – 2020-2021 yillarda tashkiliy-huquqiy mexanizmlar yaratish va chora-tadbirlar ishlab chiqish;

ikkinchi bosqich – 2022-2023 yillarda kitobxonlikka oid infratuzilmani mustahkamlash;

uchinchi bosqich – 2024-2025 yillarda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini jadal rivojlantirish, ularning madaniy savodxonligi o‘sishi hisobiga inson kapitali sifatini yaxshilash.

Dastur ijrosini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzlar), grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining har yillik parametrlarini shakllantirishda ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida Dasturni amalga oshirish uchun mablag‘lar nazarda tutilishini ta’minlaydi.

kun.uz

Ulashing | Поделись этим: