Bolalardagi nafas a’zolari kasalliklari: tasniflar, tahlillar, davo choralari! (1-Qism)

Hozirda bolalar kasalliklariga e’tibor har qachongidan ham oshib boryapti. Bunga bir tomondan aholining tibbiy madaniyati yuksalganligi sabab bo‘lsa, boshqa tomondan atrof-muhit ta’sirida bolalarda ayrim kasalliklar kuchayib borayotganini sabab qilib keltirish mumkin. Ular orasida nafas olish a’zolari kasalliklarining salmog‘i yuqoriligi bolalar pulmonologlari oldiga jiddiy masalalarni qo‘ymoqda. SSV bolalar bosh pulmonlogi, tibbiyot fanlari doktori Furqat Shamsiyev bilan shu masalalar haqida suhbatdashdik.
— Bolalar nafas a’zolari kasalliklariga nimalar kiradi?

— Bolalarda nafas a’zolari kasalliklari bir necha guruxga bo‘lingan bo‘lib, ularga infeksion-yallig‘lanish bilan kechadigan o‘tkir va surunkali kasalliklar, allerik kasalliklar, chaqaloqlik davrida rivojlangan, tug‘ma va nasliy kasalliklar kiradi.

Infeksion-yallig‘lanish bilan kechadigan o‘tkir va surunkali kasalliklarga yuqori va pastki nafas a’zolari kasalliklari kiradi. Yuqori nafas a’zolaridan ko‘prok rinit, faringit, tonzillit, otit, sinusit, laringit; pastki nafas a’zolari kasalliklaridan esa traxeit, bronxit (o‘tkir, surunkali, obstruktiv, qaytalanuvchi), bronxiolit, pnevmoniya, plevrit, bronxoektatik kasalliklar uchraydi.

Allergik kasalliklarga bronxial astma, chaqalog‘lik davrida rivojlangan kasalliklarga bronx-o‘pka displaziyasi, Vilson-Mikiti sindromi kabi xastaliklarni kiritish mumkin.
Nasliy kasalliklarga o‘pkaning idiopatik diffuz fibrozi, idiopatik o‘pka gipertenziyasi, o‘pkaning alveolyar mikrolitiazi, kartagener sindromi, mukovissidoz, alfa-1 antitripsin tanqisligi kabi qator kasalliklar kiradi.
Tug‘ma kasalliklarga esa o‘pkaning rivojlanish nuqsonlarini kiritishimiz mumkin.

— Ularning xavflilik darajalari ham turlicha, shunday emasmi?

— Albatta, yuqorida tilga olingan har bir xastalikning xavflilik darajasi har xil. Ba’zilari yengil shaklda kechsa, aksariyatining xavflilik darajasi ancha yuqori.

Nafas olish tizimining asosiy vazifasi — organizmni kislorod bilan ta’minlashdir. Bu tizimning biror bo‘g‘inida shikastlanish kuzatilsa, butun tizim ishdan chiqishi mumkin, bu esa organizmda kislorod yetishmasligi (gipoksiya)ga va undan keyin qaytarib bo‘lmaydigan jarayonlarni yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bola organizmida gipoksiyaning kelib chiqishiga to‘xtalsak, birinchidan, bu bolaning nafas yo‘llari anatom-fiziologik xususiyatlariga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, nafas yo‘llari o‘ta sezuvchan bo‘lib, turli infeksiya, allergen yoki boshka qo‘zg‘atuvchiga darrov gipersezgirlik reaksiyasini berib, nafas siqishi, hansirashga olib kelib, bolaning xayotiga xavf tug‘dirishi mumkin. Yuqorida sanab o‘tilgan kasalliklarning barchasi ozmi-ko‘pmi bolaning hayotiga xavf tug‘diradi. Ayniqsa, o‘tkir bronxoobstruksiya, o‘pkada gazlar almashunivining buzilishi, nafas qisish xuruji (astmatik status) va boshqa holatlar o‘tkir nafas yetishmovchiligi natijasida bolaning hayoti uchun o‘ta xavfli xisoblanadi.

— Bolalardagi pulmonolgik kasalliklarning yengil darajalarini uy sharoitida davolash imkoni qay darajada?

— Bolalarda nafas olish a’zolari kasalliklarining yengil darajasini davolashni uy sharoitida ham tashkil qilish mumkin. Davolash jarayoni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan davolash standartlari asosida uchastka shifokori nazoratida olib borilishi kerak. Ota-onalar bolasiga o‘z vaqtida dorilarni berib, kasallikning kechishi haqida uchastka shifokoriga ma’lumot berishi kerak. Uyda xonalarni tez-tez shamollatib, tozalikka rioya qilib, bolaning yoshiga mos vitamin va minerallarga boy maxsulotlar bilan to‘g‘ri ovqatlantirish, ko‘p suyuqlik ichirish kerak. Bolaga to‘g‘ri nafas olishni, va nafas olish gimnastikasini o‘rgatish lozim. Surunkali kasalliklari bor bolalarga esa kasallik xuruji paytida uy sharoitida ingalyatsiya(dori moddalarini nafas yo‘llariga kiritish)ni yoki nafas olishga yordam beruvchi qurilma (nebulayzer)dan foydalanishni ham o‘rgatish kerak. Bola tuzalgandan keyin unga shaxsiy gigiyena qoidalarini, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishni tushuntirib borish zarur bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Ulashing | Поделись этим: