Bolalarda nafas a’zo kasalliklarining oldini olish uchun qanday dori vositalaridan foydalaniladi?

— Kasallikdan davolanib chiqqan bola ulg‘aygach, kasalliklar asorati qaytalamaydimi?

— Bu bolaning qanday kasallik bilan kasallanganiga bog‘lik. Yengil respirator kasalliklar bilan kasallangan bolalarda keyinchalik deyarli hech qanday asoratlar kuzatilmaydi. Ammo immun tizimi sustlashgan va hamroh kasalliklari bo‘lgan bolalarda asoratlar uchrash ehtimoli yuqori. Bolalarda qon aylanish va himoya tizimining yaxshi rivojlanganligi sababli kasallikning surunkali shakliga o‘tishi kam uchraydi, lekin bola atrofdagi odamlardan doimiy ravishda “bakterial oziqlanish” oladigan bo‘lsa, surunkali kasallik xavfi bir necha bor ortadi.

Shuning uchun kasallikni bolalarda o‘z vaqtida davolanishi kelajakda (ular katta bo‘lganda) bir qator ichki a’zo va tana tizimlarining og‘ir asoratlari profilaktikasi bo‘lib xizmat qiladi.

— Bolalar nafas a’zolari kasalliklarini davolash jarayonida qanday preparatlar qo‘llaniladi? Ular orasida shifokor retseptisiz beriladiganlari ham bormi? Nega?

— Nafas olish a’zolari kasalliklarida qo‘llaniladigan dori vositalari turli va murakkab xarakterga ega bo‘lib, kasallikning sabablarini yengishga (etiotrop terapiya), kasallik alomatlarini yo‘qotishga (simptomatik terapiya), shuningdek, tana a’zolari tizimini tiklashga (qo‘llab-quvvatlovchi terapiya) qaratilgan dori vositalaridir. Muayyan kasallikni davolash uchun dori vositalari individual tanlanadi va bemorning tashxisiga, ahvoliga qarab faqat shifokor tomonidan belgilanadi.

Hozirda balg‘amning yopishqoqligini pasaytiradigan va uning reologik xususiyatlarini yaxshilaydigan dori vositalari — mukoaktiv dorilar vositalari (mukolitiklar, balg‘am ko‘chiruvchi) keng qo‘llaniladi.

Bugun hujayra ichidagi patogenlar, mikroorganizm birikmalari, antibiotiklarga chidamli bo‘lgan bakterial shtammlar soni ortib borayotgani xech kimga sir emas. Boshqa tomondan, antibakterial dori vositalarini tayinlashda bolalarda allergik kasalliklar sonining doimiy o‘sib borishini va antibakterial dorilarga allergik reaktsiyalarni hisobga olish lozim. Shuning uchun antibakterial dori vositalarini tayinlashda qat’iy qonun-qoidalarga rioya qilish zarur. Antibakterial dori vositalari faqatgina retsept bilan berilishini ta’minlash kerak, chunki ko‘pgina onalar farzandlariga shifokor bilan maslahatlashmasdan antibakterial dori vositalarini noto‘g‘ri qo‘llashi natijasida antibiotiklarga chidamli bo‘lgan bakterial shtammlarning ko‘payishiga va bolani og‘ir ahvolda shifoxonaga olib kelinishiga sabab bo‘ladi. Shunga asoslanib, so‘nggi yillarda bolalarda nafas a’zolari kasalliklarini davolashda mashhur bo‘lgan penitsillin va sefalosporinlarga samarali alternativ bo‘lgan yangi zamonaviy makrolidli antibiotiklardan tobora ko‘proq foydalanilmoqda.

Furqat Shamsiyev,

SSV bolalar bosh pulmonlogi, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Ulashing | Поделись этим: