Farzandlarini maktabga yuborayotgan ota-onalarga muhim tavsiyalar

Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘quv-tarbiya muassasalari bo‘yicha bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Inobat Ahmedova bilan suhbat.– Shu kunlarda farzandlarini maktabga yuborayotgan ota-onalarga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

– Ota-onalar, avvalo, farzandini maktabga yuborishdan oldin ularning sog‘ligiga va ruhiy holatiga, albatta, e’tibor berishlari kerak. Shu o‘rinda psixologlar tarafidan bunday uzoq karantindan chiqish uchun vaqt (kamida uch hafta) talab etilishini inobatga olib, sizdan bolaning hissiy holatiga e’tibor berishingizni so‘raladi.

Farzandingizda o‘tgan vaqt davomidagi o‘zlashtira olmagan bilimlariga yetib olishi uchun paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan stressni yengishga ko‘maklashish kerak. Karantin ta’tilidan keyin bola maktabda yomon baholar olishi mumkin. Bunday holatda unga tanbeh bermaslikka harakat qiling.

Doimiy tanbehlar sabab o‘g‘lingiz yoki qizingizning o‘ziga, kuchli tomonlariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotishiga yo‘l qo‘ymang. Farzandingizning sog‘lig‘ini kuzatib boring va agar unda kasallik belgilari (yuqori tana harorati, hansirash, yo‘tal, hid va ta’m sezmaslik, qorinda og‘riq, ich ketishi) paydo bo‘lsa, uni ta’lim muassasasiga yubormang.

Shuningdek, farzandlaringizga quyidagi gigiyena qoidalarini o‘rgating:
– qo‘llarini sovun va toza suv bilan tez-tez yuvib turish;
– sovun va suv bo‘lmasa, qo‘llar uchun spirt asosidagi dezinfeksiya vositasidan foydalanish (spirt miqdori kamida 60 foiz bo‘lishi kerak);
– faqat toza ichimlik suvidan foydalanish;
– jamoat hojatxonalari hamda uy hojatxonalarining tozaligiga e’tibor berish va foydalanish tartibiga rioya qilishni;
– chiqindilarni xavfsiz hamda to‘g‘ri yig‘ish, saqlash va utilizatsiya qilish ko‘nikmalari;
– nafas olish gigiyenasiga rioya qilish: yo‘tal va aksirganda og‘iz-burunni mato yoki tirsak yordamida to‘sish;
– kaft bilan yuzga, ko‘zlarga, og‘iz va burunga tegmaslik.

Bundan tashqari, farzandlaringizning bir-biriga e’tiborli bo‘lishga o‘rgating, ular o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilikning oldini olish choralarini ko‘ring.

Ta’lim muassasasi ma’muriyati va pedagoglari bilan ma’lumot almashinish maqsadida doimiy muloqotda bo‘lib, maktab xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar bilan tanishib, qo‘llab-quvvatlashga harakat qiling.

– Turli infeksiyalar avj oladigan kuz faslida o‘quvchilar nimalarga amal qilishlari lozim?

– Darhaqiqat, kuz faslida o‘tkir virusli infeksiyalar avj oladi. Bu paytda o‘quvchilar turli infeksiyalar yuqishining oldini olish va kasal bo‘lib qolgan paytida esa, boshqalarni gripp, koronavirus infeksiyasi va boshqa o‘tkir respirator virusli infeksiyalardan himoya qilish uchun respirator gigiyena qoidalariga amal qilishi kerak. Ya’ni, qo‘llarni tez-tez va yaxshilab sovun bilan oqar suvda yuvish, spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanish, shuningdek, ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan yoki uy hayvoni oldidan kelgach qo‘llarni yuvish lozim. Yuzni qo‘l bilan ko‘p ushlamaslik kerak.

Ko‘p odam yig‘iladigan joylarga borishni imkon qadar kamaytirish lozim.
Yo‘talganda, burun qoqqanda va aksirganda og‘iz bilan burunga bukilgan tirsak, yeng yoki salfetkani tuting. Undan keyin salfetkani darhol axlat idishiga tashlang va qo‘lingizni yuvishni unutmang.
Shamollash yoki gripp alomatlariga ega odamlar bilan yaqin aloqada bo‘lishdan cheklang.

Bolada kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qolishi va darhol shifokorga murojaat qilishi lozim. Ushbu kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilari juda yuqumli bo‘lib, asosan, havo tomchilari orqali yuqadi. Shu sababli sinfxonalarni, albatta, tez-tez shamollatish zarur hisoblanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Ulashing | Поделись этим: