Qanday qilib milliarder farzand tarbiyalash mumkin? Ilon Maskning onasi farzandlarni tarbiyalash siri bilan bo‘lishdi.

Mey Mask turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganida 3 farzandi bilan yolg‘iz qolgan. 31 yoshli Meyning oilasi uchun o‘shanda chindan ham qiyin davr bo‘lgan — bolalarga boshpana, yaxshi ovqat va kerakli narsalar uchun tinimsiz ishlash kerak edi.

Biroq hozirda Meyning barcha farzandlari millioner (biri esa milliarder). Katta o‘g‘li Ilon Mask — ixtirochi, Tesla hamda SpaceX kompaniyasining tashkilotchisi va direktori, dunyodagi eng boy 10 insonlardan biri. Ikkinchi o‘g‘li Kimbal katta restoranlar egasi, kenja qizi Toska esa rejissyor va prodyuser.

Xo‘sh, Mey Mask qanday qilib millioner farzandlarini tarbiyaladi? Avvalo, bolalarida mehnatga bo‘lgan muhabbatni kuchaytirdi — bu uning tarbiya uslubidagi asosiy tamoyillaridan biri.

«Men ularga ko‘p mehnat qilish va xayrli ishlar qilish qanchalar muhimligini anglatdim. Ular bilan hech qachon bolalardek munosabatda bo‘lmaganman va urishmaganman. Hattoki hech qachon nimani o‘rganishi kerakligini ham aytmaganman. Bundan tashqari, sira ham ularning uyga vazifasini ham tekshirmadim, bu o‘zlarining majburiyati edi», — deydi Mey.

Mey Maskning so‘zlariga ko‘ra, bolalar tanlovni o‘zlari qilishi kerak va bu uchun to‘liq javobgarlikni ham zimmasiga olishi kerak, chunki bu ularga keyingi hayotida, albatta, yordam beradi. Masalan, u farzandlariga qaysi kollejda o‘qishi, qanday kasb tanlashi, buning uchun yig‘iladigan hujjatlar va anketalarni to‘ldirishni o‘zlariga qo‘yib bergan.

«Farzandingizga odob-axloqni o‘rgating. Ular nima xohlashlarini o‘zlari hal etsin» — deydi millionerlarning onasi Mey Mask.

Ulashing | Поделись этим: