Yangi o‘quv yilining barcha fan mavzulari teledarslar orqali 14 sentyabrdan boshlab efirga beriladi

14 sentyabrdan boshlab respublika umumta’lim maktablarida 2020/2021 o‘quv yili boshlanadi. Bunda onlayn maktab orqali barcha sinflarning darslari berib borilishi yo‘lga qo‘yilsa, an’anaviy shakldagi maktablar bosqichma-bosqich vaziyatga qarab faoliyatini tiklaydi.

Maktablarning an’anaviy shaklda ochilishi to‘g‘risidagi qarorlar har bir maktab bo‘yicha individual tarzda ularning haqiqiy tayyorgarligi, hududdagi yoxud maktabdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat, o‘qituvchilar orasida koronavirus kasalligining qayd etilishi hamda sog‘liqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq faqatgina mahalliy kengash deputatlari ruxsatidan so‘ng qabul qilinadi.

Respublikadagi barcha maktablar yuqorida sanab o‘tilgan holatlardan kelib chiqib bosqichma-bosqich ochilishi ko‘zda tutilgan. An’anaviy shaklda faoliyatini tiklagan maktablarning o‘quvchilari maktabga borishi yoki uyda qolib ta’lim olishi faqatgina ota-onalar tomonidan belgilanishi zarur. Maktab ma’muriyati tomonidan o‘quvchilarni an’anaviy shaklga jalb qilish va ota-onaga bosim o‘tkazish taqiqlangan.

O‘z navbatida, farzandini maktabga yubormagan ota-ona farzandini masofaviy ta’lim olishini nazorat qilib borishi lozim.

Ulashing | Поделись этим: