Maktablarni ochish kerakmi yo yo‘qmi?

Bu masala bugun qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati o‘rtasida bahsga sabab bo‘lyapti.

Oliy vakillik organi namoyandalari o‘zlarida amalda vakolat yo‘qligini pesh qilib (aslida qonunan bor), maktablar ochilishi masalasida qaror qabul qilish mas’uliyatini zimmalariga olishdan qo‘rqayotgandek. Tepamizda hokim, biz hech narsa qilolmaymiz deyishyapti. Uyat, ochig‘i, juda uyat!

Birinchidan, avval nimadir qilishga urinib ko‘rish kerak. Mahalliy kengashlarga bunchalik  mas’uliyatli vazifa avval hech topshirilmagandir balki. Lekin qaror qabul qilib, jarayonlarda o‘z ishtirokini ko‘rsatishni nimadandir boshlash kerakmi? Garchi bu boshlash shu qadar og‘ir vazifa bo‘lsa ham. Maktablarni ochish-ochmaslik masalasi mas’uliyatli qaror va uni qabul qilishda deputatlarga hokimlar ham qarshi chiqolmaydi, chunki bunday sharoitda hokimlar ham mas’uliyatni salmog‘ini ko‘rib, hayiqib turishibdi. Ha, bugun deputatlarga shu orqali sinov keldi, imkoniyat keldi. Endi chetga qochish to‘g‘rimi? Deputat degani faqat yengil, 100 foiz kafolatli, riski yo‘q qarorlarni qabul qiladimi?

Ikkinchidan, deputatlarimiz qachon o‘zlarida qonunchilik tashabbusi mas’uliyatini his qilishadi? To‘g‘ri, monopoliya, yuqori bojlar, jumladan, import bojlari, mulk huquqi masalalari bo‘yicha ancha jonlanib, turli harakatlarni qilishyapti. Faqat   ular bari xalq, saylovchilar turtkisi, so‘rovi ortidan va yana bu ishlarni amalga oshirganda imijga katta bonuslar olib keladigan, har qanaqasiga yutuqli yurishlardir. Biroq pandemiya sharoitida qancha muammolar borki, o‘zlari ko‘rib, qonunchilik tashabbusi bilan chiqishlari kerak edi. Nima ish qildilar bu borada? Savolni bu tarzda qo‘yayotganim sababi shuki, har qanday tashabbus ortida risk turadi.

Uchinchidan, kengashlardan so‘ralayotgan eng asosiy narsa, joylarda maktablarning o‘quv jarayonini boshlashga tayyor-tayyor emasligini o‘rganish va ob’yektiv qaror berish. Chunki joylardagi xalq ta’limi bo‘limlari maktablar tayyor  deb yolg‘on ma’lumot berishi mumkin. Qolaversa, ota-onalar ham bolasini maktabga chiqarish yo chiqarmaslik qarorini faqat sub’yektiv holatidan kelib chiqib beradi. Masalan, man bolamni maktabga chiqarishga qaror qilsam, farzandlarim virusni boshdan kechirib bo‘ldi-ku deyman-da, aslo o‘qituvchilar boshqa bolalardan kasal yuqtirib olsa-chi  demayman. Shunday sharoitda xalq saylagan, ijro hokimiyatiga qaysidir ma’noda muxolif, qolaversa, ota-onalarning sub’yektiv fikrlarini jamlab ob’yektiv xulosaga aylantiruvchi halqa sifatida oliy vakillik organlari tarozuni rostlashi kerak.

To‘rtinchidan, kengash hokimga bo‘ysunadi deb deputatlar o‘zini u masalada chetga olsa, bu masalada chetga olsa, nimani hal qilishadi unda? Eng og‘ir toshni ortishayotgan bo‘lsa ham, balki ilk marta ularga o‘z vakolat va huquqlaridan foydalanish imkoniyati berilyapti. Qaror to‘g‘ri bo‘lar, xato bo‘lar  – hozirgi sharoitda hamma narsa 50/50, butun dunyo xato qilyapti, to‘g‘rilayapti. Lekin deputatlarning hozir mas’uliyatni zimmaga olish yo olmasliklari ularga bundan keyin bo‘ladigan xalqning, saylovchilarning munosabatini belgilab beradi. Pandemiya o‘tadi, xulosalar qoladi, hurmatli deputatlar!

Beshinchidan, kengashlar  ko‘plashib kollegial qaror qilishi qarorning to‘g‘ri bo‘lishi imkonini oshiradi. Qolaversa, Ta’lim to‘g‘risidagi qonunning 27-moddasiga ko‘ra mahalliy kengashlarning ta’lim sohasidagi vakolatlari, hatto, o‘z hududidagi ta’lim muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatish kabi vakolatlari belgilangan.

Hozir eng katta yuk xalq ta’limi tizimiga tushmoqda.

Yetmaganiga hamma xalq ta’limiga tosh otyapti, g‘alati bir kampaniya. Aslida seniki-meniki deb o‘tiradigan zamon emas, masala hammamizniki. Chunki barchamizning farzandlarimiz maktabga boradi, hatto deputatlarning ham, ijro organi xodimlarining ham. Pandemiya davrida «Sen yo‘q, men yo‘q, biz bor, virus bor!»  Hozir hammamiz birlashib, xalq ta’limi tizimiga yordam berishimiz kerak. Axir, bu – bizning kelajagimiz masalasi.

Shahnoza Soatova, bloger

 

Ulashing | Поделись этим: