«Temurbeklar maktabi»ga kirish imtihonlari qachon o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi

16-sentyabr kuni Mudofaa vazirligiga qarashli «Temurbeklar maktabi»ga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi.

Joriy yilgi imtihonlar koronavirus pandemiyasi sabab abituriyentlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida stadion va sport majmualarida o‘tkazilishi belgilangan. Xususan, «Temurbeklar maktabi»ga kirish imtihonlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan bo‘lgan abituriyentlar uchun poytaxtimizdagi «Ashxobod sayilgohi»da o‘tkaziladi.

Imtihonlar ikki smenada — soat 08:00 va 16:00 da bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida imtihonlar har bir nomzodning o‘z viloyatida o‘tkaziladi. Quyida «Temurbeklar maktabi» uchun har bir viloyatida o‘tkaziladigan imtihon manzillari keltirilgan:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — «Turon» markaziy stadionida;
  • Andijon — Sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi asosiy stadioni 1A-bino;
  • Namangan — «Navbahor-umid» stadioni;
  • Farg‘ona — Farg‘ona davlat universiteti stadioni;
  • Buxoro — «Buxoro» sport majmuasi stadioni;
  • Xorazm — «Xorazm» sport majmuasi;
  • Surxondaryo — Termiz ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internati futbol maydoni;
  • Qashqadaryo — «Nasaf» futbol klubi mashg‘ulotlar maydoni;
  • Jizzax — «So‘g‘diyona» markaziy o‘yingohi futbol maydoni;
  • Navoiy — «Kimyogar» o‘yingohi;
  • Sirdaryo — Guliston shahri markaziy o‘yingohi;
  • Samarqand — «Lokomotiv» futbol stadioni hamda «Nurafshon» futbol stadionida o‘tkaziladi.

«Temurbeklar maktabi» bitiruvchilari oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘plagan ballarining 30 foizi, respublikaning boshqa oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda esa 15 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyozga ega bo‘ladi.

«Temurbeklar maktabi»ni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilar tarkibida ushbu maktab bo‘lgan vazirlik va idoralarning tegishliligi bo‘yicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarsiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tash natijalari bo‘yicha kiradi.

Ulashing | Поделись этим: