Bolada koronavirus qayd etilsa, nima qilish kerak?

– Qanday xastalikka chalingan yoki surunkali kasalliklari bor o‘quvchilarga onlayn ta’lim olishni tavsiya qilasiz?

– Bu xolatda bolaning salomatlik ko‘rsatkichlariga e’tibor beriladi. Bu ko‘rsatkichlar 5 ta guruhga bo‘linadi.

1-guruh. Bunga surunkali kasalliklarga chalinmagan, tekshirish paytida biron-bir kasallik aniqlanmagan va o‘z yoshiga muvofiq jismoniy hamda aqliy jihatdan rivojlangan sog‘lom bolalar kiradi.

2-guruh. Surunkali kasalligi bo‘lmagan, lekin ayrim morfofunksional nuqsonlari bo‘lgan hamda tez-tez (bir yilda 4 marta) dardga chalinib turadigan bolalardan tashkil topgan.

3-guruh. Surunkali kasalligi bor yoki kompensatsiya davrida patologik holati og‘ir bo‘lmagan bolalarni birlashtiradi.

4-guruh. Surunkali kasalliklari bor, subkompensatsiya davrida umumiy holati buzilgan, o‘zini yomon his eta boshlagan, o‘tkir yuqumli kasalliklardan so‘ng tuzalishi kechikkan bolalar.

5-guruh. Dekompensatsiya davrida bo‘lgan, og‘ir surunkali kasalliklarga chalingan, kamharakat, ta’lim muassasalariga qatnay olmaydigan nogiron bolalardan iborat.

Salomatlik guruhini aniqlashda bola salomatligi haqidagi ma’lumotlarni hisobga olish zarur.

Qoidaga muvofiq, 1-, 2-guruhdagi bolalar umumta’lim muassasalariga qatnaydi.
Onlayn ta’lim olish, asosan, 3-, 4-, 5 -guruhdagi surunkali kasalliklari bor, ushbu kasalliklarni zo‘riqish davri aniqlangan bolalarga tavsiya etiladi.

– Agar o‘quvchi yoki o‘qituvchida koronavirus aniqlansa, kasallikning keng tarqalmasligi uchun, birinchi galda qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur?

– O‘quvchilarni maktabga qabul qilishda mas’ul xodim ularning oila a’zolari salomatligi, oilada yuqumli kasallik bilan og‘rigan yoki klinik belgilari namoyon bo‘layotganlar bor yoki yo‘qligini (tana haroratining 37 C dan oshishi, ko‘ngil aynishi, yo‘tal va boshqa belgilar) tekshirishi maqsadga muvofiq.

Agar o‘quvchi yoki o‘qituvchi maktabda o‘zini yaxshi his qilmasa, unda “COVID-19”ning odatiy alomatlari bo‘lsa, boshqa odamlardan alohidalash kerak. Virus yuqtirgan o‘qituvchi yoki o‘quvchi bilan aloqada bo‘lgan barcha yuzalar, shu jumladan, barcha sirtlar va buyumlar, hojatxonalar, eshik tutqichlari va telefonlarni tozalash kerak. Tozalash uchun dezinfeksiyalash vositalaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Agar o‘quvchi yoki o‘qituvchining ahvoli yomonlashsa (tana harorati ko‘tarilsa, O‘RI alomatlari aniqlansa), izolyatorga joylashtiriladi. Izolyator xonasi bo‘lmagan taqdirda, o‘quvchi yoki o‘qituvchi hamshiraning kabinetiga yoki izolyatsiya uchun mo‘ljallangan boshqa xonaga joylashtiriladi. Shifokorga murojaat qilish va hududiy SEOMga ma’lumot yetkazish kerak bo‘ladi.

Profilaktik chora-tadbirlar qatorida o‘quvchilar yoki o‘qituvchilarning qo‘llarini gigiyenik ishlov berish jadvalini ishlab chiqish (har soatda qo‘llarni sovun bilan yuvish yoki antiseptik spirtli eritmalar bilan ishlov berish), har ovqatdan oldin va hojatxonaga borgandan keyin, har bir mashg‘ulotdan keyin qo‘llarni sovun yoki antiseptik vositalar bilan yuvish lozim.

Bir martali ishlatiladigan qog‘oz sochiqlardan foydalanish tavsiya etiladi. Qog‘oz sochiqlar, bir marta ishlatiladigan salfetkalar bilan ta’minlash imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, har kuni o‘zgartiriladigan va bir-biridan 25-30 sm. masofada osilgan, qayta ishlatiladigan individual sochiqlardan foydalanish talab etiladi.

Mashg‘ulotlar vaqtida guruhlarda o‘quvchilar orasidagi masofani ta’minlash o‘quvchi va o‘qituvchilar o‘rtasida uzoq muddatli to‘g‘ridan-to‘g‘ri jismoniy aloqalar cheklanadi hamda mashg‘ulotlar davomida turli guruhlardagi o‘quvchilarning o‘zaro aloqasi va aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Ulashing | Поделись этим: