Maktablar ochilgani to‘g‘ri qarormi, ular faoliyatining boshlanishi koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyatga nechog‘liq ta’sir qilishi mumkin?

Albatta to‘g‘ri qaror. Biz bir umr bolalarimizni uyda qamab o‘tira olmaymiz, ular ham aynan shunday murakkab epidemik vaziyatda yashash, o‘qish va u yoki bu ish bilan mashg‘ul bo‘lishga o‘rganish kerak.

Buning ustiga bolalarda koronavirus kasalligi yengil kechadi, ularda yondosh kasalliklar bo‘lmaganligi uchun jiddiy asoratlarsiz barchasi tuzalib ketadi.

Hozir respublikadagi maktablarda tegishli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Qariyb o‘qituvchilarning barchasi koronavirusga test tekshiruvlaridan o‘tkazildi.

Maktablarning dezinfeksion va epidemiyaga qarshi, profilaktik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tayyorgarligi o‘rganib chiqildi, mavdjud kamchiliklar bartaraf etildi va birin-ketin ularning faoliyati tiklanmoqda.

Maktablar faoliyatini tiklashi barobarida kasallanish ko‘rsatkichi ham ortishi mumkin. Bu tabiiy hol, negaki matablarda bolalarning va o‘qituvchilarning muloqoti oshadi va kasallikning bir odamdan ikkinchi odamga o‘tish ehtimoli kengayadi.

Bunday paytlarda maktablardagi filtrlar yaxshi ishlashi, xodimlar sergak bo‘lishi bilan bir qatorda kasallik belgilari kuzatilgan bolalarni maktabga yubormaslik, bu haqda maktab ma’muriyatini xabardor qilish bo‘yicha ota-onalarning ham mas’uliyati yuqori bo‘lishi zarur. Bunday talablar o‘qituvchilarga ham taalluqli.

Nurmat Otabekov,

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi

Ulashing | Поделись этим: