Baliqlar necha yil yashaydi?

Baliqlar umurtqali hayvonlar ichida ko’p sonli, keng tarqalgan bir necha sinfni o’z ichiga oluvchi parafiletik kelib chiqishga ega organizmlardir. Ularning necha yil yashashi haqiqatdan ham ko’pchilikka qiziq bo’lishi aniq. Avval boshda shuni aytishimiz mumkinki, umurtqali hayvonlar ichidagi eng qisqa va eng uzoq yashaydigan organizmlar aynan baliqlar guruhiga oid hisoblanadi.

Bundan avval dunyodagi eng qisqa umr ko’ruvchi baliq bezakli pakana buqabaliq (Eviota sigillata) ekanligi haqida xabar bergan edik. Bugungi maqolamizda esa sizga tanish bo’lgan ko’plab baliqlarning qayd etilgan maksimum yoshlari haqida xabarlashamiz.

Misollar

👉 Ko’pchiligimizga ma’lum bo’lgan zog’ora baliq (Cyprinus carpio) o’rtacha 20 yilgacha yashashi mumkin, uning maksimal qayd qilingan yoshi 47 yilni tashkil etadi.
👉 Cho’rtan (Esox lucius) o’rtacha 7 yil yashaydi, maksimum qayd qilingan yoshi 30 yilga teng.
👉 Qoraqanot marvarid baliq (Austrolebias nigripinnis), Risso fonarbalig’i (Electrona risso) bir yil yashasa; sahro karptishi (Cyprinodon macularius), Oven karptishi (Cyprinodon radiosus) kabi baliqlar ikki yil; bahor g’orbalig’i (Forbesichthys agassizii), bantam quyosh balig’i (Lepomis symmetricus) uch yil va cho’chqa baliq (Orthopristis chrysoptera), farrosh baliq (Labroides dimidiatus) kabilar to’rt yilgacha yashashi aniqlangan.

👉 Yurtimiz suv havzalaridagi eng yirik baliq hisoblangan laqqa (Silurus glanis) 60 yildan 80 yilgacha yashashi mumkinligi qayd etilgan.
👉 Ummon oq balig’i (Caulolatilus princeps), oq laqqa (Ameiurus catus), Argentina farishta balig’i (Squatina argentina), dengiz nina balig’i (Hyporhamphus melanochir), Afrika pichoq balig’i (Xenomystus nigri), uzun burunli kapalak baliq (Chelmon rostratus), Atlantika yelkan balig’i (Istiophorus platypterus), qirmizi kafel baliq (Branchiostegus japonicus), elektr laqqa baliq (Malapterurus electricus) kabilar 10-15 yil oralig’ida yashaydi.
👉 Sport uslubida ovlanadigan eng mashhur baliqlardan bo’lgan Atlantika tarpon balig’i (Megalops atlanticus) 55 yilgacha yashashi qayd etilgan.

👉 Chuqur dengiz olabug’asi (Hoplostethus atlanticus) nomi bilan mashhur bo’lgan baliqni 1970-yillarda 30 yilcha yashaydi deb hisoblanilgan. Biroq 1990-yillarning boshida ushbu baliq otolitlarini (quloq suyaklari) izotoplar yordamida radiometrik usulda tekshirilganda bu baliq 149 yil yashani ma’lum bo’lgan. 2015-yilda Yangi Zelandiya poytaxti Vellington shahridan 1500 km sharqda joylashgan Tinch okeani suvlaridan tutilgan ushbu baliqning yoshi 230 da, Tasmaniya orollari atrofidan tutilgan namunalarda esa 250 da bo’lgani aniqlangan.
👉 Baliqlar ichida, nafaqat baliqlar ichida, balki butun umurtqalilar orasida uzoq yashashda Grenlandiya qutb akulasi (Somniosus microcephalus) ga yetadigani hozircha topilmagan. Olimlar tomonidan 2016-yilda ushbu akula ko’z shoh pardasini radiouglerod izotoplari orqali tekshirib ko’rilganda uning yoshi 392 ± 120 da ekanligi ma’lum bo’ldi.

Ulashing | Поделись этим: