Uchinchi renessans yoshlar davri bo‘ladi

Jonajon Vatanimiz – o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgani va mustaqil taraqqiyot yo‘lini boshlaganiga 29 yil to‘ldi. Istiqlol el-yurtimiz uchun o‘z taqdirining haqiqiy egasi bo‘lib, qadr-qimmatini anglab, munosib hayot kechirish, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish imkoniyatini yaratdi.

Darhaqiqat, istiqlol tufayli o‘zligimizni angladik, ozod xalq, mustaqil davlat sifatida O‘zbekistonning bor bo‘y-bastini, ulkan salohiyatini butun dunyoga namoyon qilish imkoni yaratildi. Yoshlarga e’tibor kuchaydi. Yigit-qizlar o‘z salohiyatini ko‘rsatishi, iqtidorini rivojlantirishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Xususan, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etildi. Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamenti, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tuzildi. Hududlarda “Loyihalar fabrikasi” ish boshladi. “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida iqtidorli va tashabbuskor o‘g‘il-qizlarimizning 8 mingdan ziyod biznes loyihalariga qariyb 1,7 trillion so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Bularning barchasi biz yoshlarga berilgan keng imkoniyatlar kalitidir.

Kam ta’minlangan oilalarda kamol topayotgan qizlarimizning bilim olish imkoniyatini kengaytirish uchun bu yil yangi tizim joriy etildi. Unga muvofiq, ushbu o‘quv yilida oliy ta’lim dargohlarining kunduzgi bo‘limlariga bunday qizlarimiz uchun davlat granti asosida 940 ta qo‘shimcha o‘rin ajratildi.

Yaqinda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va iqtidori, intiluvchanligi va tashabbuskorligi, halol va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi va mard o‘g‘lonlarimizdan 28 nafari «Mard o‘g‘lon» mukofoti bilan taqdirlandi.

Yoshlikdan bilim xazinasiga ega bo‘lish, kelajak uchunmuhim sarmoya yeg‘ish bilan barobardir. Albatta, insonga berilgan eng katta boylik ilm va xunardir. Eng e’tiborlisi, mard o‘g‘lon tanlovida mukofotlanganlar orasida maktab o‘quvchilari ham bor. Ulardan biri Azizjon Eshbekov Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani umumiy o‘rta ta’lim maktab internatining 11 sinf o‘quvchisi.

Darhaqiqat, bugungacha bo‘lgan yo‘lni osonlikcha bosib o‘tmadik. Ming-ming mashaqqatlar sinovidan, davrning og‘ir zahmatlaridan matonat, ezgu maqsad sari olg‘a intilish, yuksak ishonch bilan tik o‘ta olgan mardona yurtda yashamoq, unga munosib bo‘lmoq har birimizning oliy burchimiz bo‘lmog‘i shart! Shu zaminda yashayottan har bir inson o‘ziga «Kim edigu kim bo‘ldik?» degan haqli savolni berib yashashi zamirida javobni tinchlikka bo‘lgan hurmat, istiqlolga bo‘lgan shukrona tufayli topishiga aminmiz.

Anorqul BOYBEKOV,

O‘zbekiston XDP Sirdaryo viloyati kengashi deputati,

Sirdaryo viloyat Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi.

Ulashing | Поделись этим: