Bolani an’anaviy o‘qitishga ne yetsin yoxud yangi darslar uchun tavsiyalar…

Ta’limda har bir jarayonda o‘quv reja bo‘yicha kiritilajak yangiliklar joriy etilaveradi.

Bu yilgi eng muhim yangiliklardan biri – barcha sinflarda Tarbiya darslarining joriy etilayotganligi. Doim yangilik kiritish oson bo‘lavermaydi. Darslik bo‘lgani bilan unga metodik ko‘mak kerak. O‘qituvchilarning katta guruhini qayta tayyorlash kerak. Oson ko‘ringan tarbiya mavzularini murg‘ak qalblarga jo etish oson emas. O‘qituvchilar fanga moslashguncha ma’lum vaqt ketadi. Bizda metodika bor, uni moslashtirish kerak, xolos.

Ma’lumki, o‘qituvchi darsda asosan uchta maqsadni o‘z oldiga qo‘yadi: ta’limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi. Hozirgi vaziyatda masofaviy ta’limda faqat ta’limiy maqsad amalga oshadi. Tarbiyaviy va rivojlantiruvchi tomonlari ota-onaga bog‘liq bo‘lib qoladi. An’anaviy ta’limda bu muallim zimmasida edi. Bola boshqalar bilan birga o‘qisa, u zerikmaydi, fanlarni o‘zlashtirishga qiziqadi, o‘quvchi raqobat qiladi, musobaqalashadi, eng muhimi tengqurlari jamoasida bo‘ladi, bu – birinchidan.

Ikkinchidan, bolalar bir-biri bilan muloqot qilsa, muomala madaniyati rivojlanadi. Uchinchidan, bolalar maktabda bir-birini hurmat qila boshlaydi, do‘stlashadi, uy va sinf vazifalarni muhokama qiladi. Buyuk mutafakkir, qomusiy olim Abu Ali ibn Sino bolani uy sharoitida yakka o‘qitishga qarshi bo‘lgan. Maktabda o‘qitishni tavsiya qiladi. Hozir maktabda masofaviy o‘qitish majburiy chora. Bolani an’anaviy o‘qitishga ne yetsin? Nima bo‘lganda ham, bir-birini to‘ldiruvchi hamma usullarni omuxta qo‘llayverish lozim.

Joriy etilayotgan Tarbiya darslarida oilada, mahalladagi qadriyatlarimizga tayanish kerak. Masalan, ma’naviy tarbiya o‘z asosini islomdan, muqaddas e’tiqodimizdan olishi o‘quvchilar qalbini tez zabt etadi. Qur’oni Karim, hadis-shariflar ma’nosidan foydalanish ham o‘qituvchining mahoratiga bog‘liq. Misol uchun, ota-onaning qadri Tarbiya darslaridagi katta mavzu.

Qur’oni Karimning yigirmadan ziyod oyatida ota-ona hurmati, ularga yaxshilik qilish va roziliklarini topish muhim amallardan ekani bayon etilgan. Zero, har bir ota-ona barcha imkoniyatlarini sarflab farzandlarini tarbiyalaydi va ta’lim beradi. Mana shu yerda ota-onaga yaxshilik qilish haqidagi quyidagi hadisni keltirishni tavsiya qilaman: ”Parvardigorning roziligi ota-onaning roziliklariga bog‘liq. Uning g‘azabi ham ota-onaning noroziligiga qarab bo‘ladi”. (Tabaroniy rivayati). Shu asosida bolalarga qobil va noqobil farzandlar haqida o‘nta tavsiyani berish faydali. Qobil bola quyidagi amallarni bajarish zarur.

Birinchidan, barcha ishlarda ota-onadan rozilik olishi, ulardan yashirincha ish qilmaslik, maslahat olishini tushuntirishi va misollar keltirish kerak. Har doim ota-onaning duosi bilan boshlangan ish xayrli bo‘ladi.

Ikkinchidan, yaxshi narsalarni o‘zidan avval ota-onaga taqdim etishi. Tansiq ovqatlar, dasturxonga birinchi bo‘lib qo‘l uzatmaslikni ham tushuntirib o‘tish kerak.

Uchinchidan, ota-onaning maslahat va nasihatlarini jonu dil bilan qabul qilishi. Ko‘pincha bolalarda bunday paytlarda ota-onasini jerkishi holatlari uchraydi. Asosan voyaga yetayotgan bolalarda bu holatlar bo‘ladi.

To‘rtinchidan, ota-onaning ruxsatisiz ularning xonasiga kirmaslik. Tarbiya darslarida bu gaplar aytilishi shart. Bu ham tarbiyaning bir bo‘lagi. Ularning ruxsati bilan kirilsa yoki tozalab berilsa, boshqa gap. Boshqa paytda mumkin emas.

Beshinchidan, hech qachon ularning nomlarini aytib chaqirmaslik. Hatto hazillashib bo‘lsa ham. Ba’zida bunday holatlar uchrayapti. Buning gunohligini bolaligidan tushuntirish kerak.

Oltinchidan, ularning oldida baland ovozda gapirmaslik va «Uff» tortmaslik. Ochig‘ini aytsak, ko‘pchilik oilalarda farzandlar va kelinlarni baland ovozda so‘zlashi, yoqmagan paytda uff deyishi odat tusiga kirib qolgan. Baland musiqalar eshitish, telefonga ota-onalar oldida mukkasidan ketish ham odobsizlikdir.

Yettinchidan, ota-onadan oldin taomga qo‘l uzatmaslik, mehmonga borganda dasturxonga suqlanib qaramaslik, qorni och bo‘lsa ham, nazarini to‘q qilishi ham tarbiyaning bir bo‘lagi. Shuni bolaning qulog‘iga darslikda ham uyda ham uqdirish kerak.

Sakkizinchidan, ularning huzurida oyoqlarini cho‘zmaslik, yonboshlamaslik, ulardan yuqari o‘tirmaslik. Afsuski, ko‘p xonadonlarda shu narsalarga bee’tibor bo‘ladi. Bu boshqalar oldida juda xunuk ko‘rinadi. Agar biz bolaning yoshligidan shuni o‘rgatmasak, keyin odat tusiga kirib qolsa, uni tark etolmay, hammadan dakki eshitib qoladi.

To‘qqizinchidan, ota-onaga doimo minnatdorchiligini bildirib ularni yaxshi ko‘rishini izhor qilish, ularga yaxshi gap va xabarlarni yetkazib, ko‘ngillarini chog‘ qilish. O‘qigan kitoblar taassurotlarini aytib, she’rlar yodlab, qo‘shiqlar xirgoyi qilishlari ham ularning ko‘nglini tog‘dek ko‘taradi.

O‘ninchidan, ota-onaning oziq-ovqati, kiyim-kechagi va sog‘lig‘idan o‘z vaqtida xabar olib turishi. Kiyim-kechaklarini dazmollab turish, oyoq kiyimlarini artib, moylab turish, dori-darmonlarini ichishini nazorat qilib turishi ham yaxshi farzand tarbiyasidir. Ularga hech qachon o‘qrayib qarab bo‘lmaydi. Doim ochiq chehra bilan boqish kerak.

Mana shu o‘n qoidani Tarbiya darslarida bolalarga yodlatish lozim deb bilaman. Zero,farzand zimmasida ota –onaning haqqi ulug‘dir.Chunki ota – rahbar, ona esa farzandini to‘qqiz oy qornida ko‘tarib yuradi, tug‘ilgach, bor mehri, kuch-quvvatini bag‘ishlab, uni boqadi, kechalari bedor bo‘lib taomlantiradi, oq yuvib, oq taraydi, shodligida sevinadi, g‘amga botsa, qayg‘uradi, qo‘yingki, borlig‘ini farzandiga baxshida qiladi. Biz imkon qadar Tarbiya darslarida shular haqida innovatsion usullarda tushuntirib borishimiz kerak.

Baxtiyor KARIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi

Ulashing | Поделись этим: