Romitanlik yosh ixtirochining antiqa ixtirolari

Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 24-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Jahongir Ramazonov bolaligidan matematika va fizika fanlariga qiziqadi.

Unda texnik ijodkorlikka bo‘lgan ishtiyoq 5-sinfdan boshlab aniq fanlarga qiziqishi tufayli uyg‘ongan. Jahongir maktabda 4-5 baholarda o‘qiydi. Ayni kunda 100 ga yaqin ixtirolari bor.

Jahongir mazkur yo‘nalishdagi innovatsion g‘oyalari bilan “Ixtirochi bolalar”, “Raketamodel”, “Ijodkor bolalar” kabi tanlovlarning tuman, viloyat hamda respublika bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.

Iqtidorli o‘quvchining navbatdagi ixtirosi-mexanik va elektromexanik velosiped bo‘ldi. Ushbu transport vositasi yuk tashish va uzoq masofalarga yurish, ya’ni Jahongirning tili bilan aytganda, sayyohatga moslangan velosiped.

– Velosipedning afzallik tomoni shundaki, u dastlab oyoq bilan harakatlantiriladi, – deydi Jahongir. – 20 daqiqa mexanik harakatlantirilsa, keyingi 20 daqiqa mobaynida o‘zi avtomatik tarzda harakatlanadi. Sayyohatga otlangan insonlar uchun ayniqsa, qulay. Ortiqcha jismoniy kuch talab qilmaydi, dam olishga imkon beradi. Qolaversa, unda suv va oziq-ovqat uchun muzlatkich o‘rnatilgan. Zaryad beruvchi quvvat va maxsus kameralarga ham ega.

Yana bir qulayliligi orqa tomonni kameralar kuzatuvi orqali ko‘rish mumkin. Shuningdek, qo‘l yuvadigan suv zahirasi va telefon tutgich, signal, baland yonadigan fonarlar joylashgan. Ayni paytda motorini yanada kuchaytirish uchun ish olib boryapman.

Maktab o‘quvchisi yaratgan ushbu texnik vosita “Mening innovatsion g‘oyam” viloyat tanlovida 1-o‘ringa loyiq topildi.

Jahongirning yana bir ixtirosi inson omili bo‘lmagan robotni yaratgan. Bu robotni obodonlashtirish ishlarida ishlatsa bo‘ladi. Uning vazifasi ko‘cha va ovullarni tozalab, axlatlarni ham yig‘ishtirib oladi. Tozalash jarayonida chang bo‘lmasligi uchun ko‘chalarni namlab ham ketadi.

Ixtirolarining yana biri – ko‘p qavatli sitilarni ta’mirlash, pardozlash ishlarini amalga oshiruvchi avtomobil qurilmasi hisoblanadi. Qurilmaning vazifasi ko‘p qavatli binolarni avtomatik tarzda ta’mirlaydi va pardozlaydi.

Ulashing | Поделись этим: