Bolalarda osteoporoz kasalligi. U qanday xastalik?

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bolalar travmatologiyasi bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Iskandar XO‘JANOV bilan suhbat (1-qism).

— Bugungi kunda bolalar o‘rtasida tirsak-bo‘g‘in jarohatlari ko‘p uchrayapti. Ushbu jarohatlarni davolash borasida tibbiyotimiz qanday salohiyatga ega?

— To‘g‘ri, tirsak bo‘g‘in jarohati bolalar o‘rtasida boshqa jarohatlarga qaraganda ko‘p uchramoqda. Bunday bemor zudlik bilan bolalar travmatologi ko‘rigidan o‘tib, tibbiy standartlar bo‘yicha muolaja olishi kerak. Aks holda, bemor nogiron bo‘lib qolishi mumkin. Hozirgi kunda bunday jarohatlar bosqichma-bosqich davolanadi. Bu jarayonda Ilizarov apparatidan foydalanib, jarohat joyi kesilmay, tortib to‘g‘rilanadi. Bu bemor vujudida deyarli og‘ir asorat qoldirmaydi.

— Bolalarda osteoporoz kasalligini keltirib chiqaruvchi omillar haqida ma’lumot bersangiz?

— Bola organizmida minerallar kamayishi, tug‘ma displastik kasalliklar, ba’zi suyak bo‘g‘im kasalliklarning noto‘g‘ri davolanishi keyinchalik bolaning suyagi mo‘rtlashishiga olib keladi. Shu o‘rinda yana bir muammoni ham aytib o‘tishni istardim. Ilgari tibbiyotda suyakdagi kichik sinishlar uch haftada bitadi, degan qarash bor edi. Bugungi tibbiy kuzatuvlar bu qarash u qadar to‘g‘ri emasligini ko‘rsatayapti. Aksariyat shunday jarohat olgan bemorlarning tuzalishi ancha cho‘zilayapti. Jarohatlangan a’zoni ko‘proq vaqt gipsda saqlashga zarurat tug‘ilayapti.

Uzoq vaqt gipsda turib harakatlanishdan qolgan a’zoda modda almashinuv va boshqa jarayonlarga zarar yetadi. Natijada ikkilamchi kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Bu muammo tibbiyotimiz oldiga jarohatni kam muddatga gipslash va davolashni takomillashtirish vazifa qo‘ymoqda.

— Suyagi jarohatlangan bemorlarda asab tolalarga ham shikast yetishi mumkinmi?

— Inson vujudi shunday mukammal yaratilganki, har bir a’zoning o‘z o‘rni, o‘z vazifasi bor. Jumladan, suyaklarimiz bizga uzoq yillar xizmat qilishi uchun butun vujudimizdagi, ayniqsa, suyaklarga tutashgan asab tolalari ham sog‘lom bo‘lishi kerak. Agar suyakka jarohat yetsa, unga yaqin joylashgan asab tolalari ham bundan zarar ko‘rmay qolmaydi. Shu bois suyak jarohatlarini to‘laqonli davolash ishlari ko‘p holatlarda neyrojarroh, nevropatolog shifokorlar bilan hamkorlikda olib boriladi. Hozirgi kunda tibbiyotimizda bu yo‘nalishda elektroneyromiografiya usuli kirib kelishi kasallikka aniq tashxis qo‘yish va bemorni sog‘lom hayotga qaytarishda katta imkoniyat bo‘lmoqda.

— Suyak chiqqan yoki singan holatlarda tabiblarga murojaat qilish holatlari ko‘p uchraydi. Bu to‘g‘rimi?

— Bu noto‘g‘ri, chunki, suyak jarohatlari juda murakkab xususiyatlarga ega. Bunday holatda jarohat organizmning qaysi a’zolariga qay darajada zarar yetkazganiga aniq tashxis qo‘ymasdan biror natijaga erishish qiyin. Hozir ko‘pgina tabiblarimiz bu masalaga ancha jiddiy yondashadi. Ya’ni, bemorga shifoxonaga borishni tavsiya etadilar. Biroq, ko‘pgina ota-onalar bu tavsiyalarga rioya qilmaydi. Natijada bolaning suyagi chiqqan joyida kuchli og‘riq boshlanadi. Ba’zida jiddiy kasalliklar ham rivojlangan bo‘ladi. Bunday vaziyatda bemorni davolash uzoq cho‘zilishi mumkin. Oilalarga borganingizda bu haqda ota-onalarga takror-takror tushuncha berishingiz foydadan xoli bo‘lmaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Ulashing | Поделись этим: