Andijonlik voleybolchi qizlar O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi

Marhamat tumanida Erkin Vohidov nomidagi shaxmat va voleybol maktabida 2002-2003 yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati yakuniga yetdi.

Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Xorazm, Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyati terma jamoalari ishtirokida o‘tkazilgan chempionat qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi.

Dastlab jamoalar ikki guruhga bo‘lingan holda o‘zaro kuch sinashdi. Saralashda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar uchrashuvida musobaqa finalchilari nomi ma’lum bo‘ldi.

Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlar uchun Farg‘ona va Xorazm viloyati terma jamoalari bahs olib bordi. Uchrashuvda farg‘onalik qizlar raqibalari ustidan 3:0 hisobida g‘alabaga erishib, chempionat bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Finalda Andijon va Namangan viloyati jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Qiziqarli va keskin bahslar ostida o‘tgan uchrashuvda andijonlik voleybolchi qizlar Namangan viloyati jamoasi ustidan 3:0 hisobida ustun keldi. Shunday qilib, mamlakat chempionati oltin medali Andijon viloyati, kumush medali esa Namangan viloyati voleybolchi qizlarga nasib etdi.

O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Sanjar Abdullayev ishtirokida g‘olib va sovrindorlar medal va diplomlar bilan taqdirlandi.

Ulashing | Поделись этим: