Amir Temur saroyidagi toʻy, ispan elchisining taassurotlari

Kun tarixi

Vatanimiz tarixidagi 13-oktabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.

1398-yil (bundan 622 yil oldin) – Hindiston yurishiga otlangan Amir Temur qoʻshinlari Talamba shahri yaqinida toʻxtadi (U Moʻltondan qariyb 100 kilometrcha shimoli-sharqda, Rovi daryosining chap sohilida joylashgan shahar). Tarixchi Nizomiddin Shomiy oʻz asarida bu shaharning nomini Talmina shaklida qayd etgan. Tarixchi olim Lyusyen Kerenning maʼlumot berishicha, Amir Temur daryoni kechib oʻtganidan soʻng birinchi boʻlib Talamba shahrini ishgʻol etgan. Bu jarayonda u zoti shariflar (paygʻambar avlodlari), ahli ilm va ulamoga hurmat-ehtirom koʻrsatib, ularning mol-mulkini himoya ostiga olgan.

1404-yil (bundan 616 yil oldin) – Amir Temur saroyiga tashrif buyurgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning oʻz kundaliklarida yozishicha, shu kuni Sohibqiron yana bir katta toʻy boshlab, unga elchilarni ham taklif etdi. Marosim oʻtkazilgan joydagi ikkita saroparda elchining eʼtiborini oʻziga tortgan. Elchilar shuningdek, Amir Temurning suyukli nabirasi Pirmuhammad ibn Jahongir Mirzoni tabriklash uchun ham taklif etiladi. Sohibqiron oʻzi qariyb yetti yil koʻrmagan nabirasini Samarqandga chaqirtirgan edi.

Amir Temur sidqidildan yaxshi koʻrgan “yigirma ikki yoshlardagi (aslida bu vaqtda Pirmuhammad yigirma sakkiz yoshda boʻlgan), soqoli uncha oʻsmagan, qorachadan kelgan” temuriy shahzoda Pirmuhammadni Klavixo shunday tasvirlaydi: “Podshohning nevarasi Pirmuhammad milliy udumga binoan juda yaxshi kiyingan edi. Ustida koʻk beqasam yaktak, yaktakning ikki yelkasi, koʻkragi va yenglariga bittadan zarhal halqa tikilgan. Boshidagi qalpogʻi yirik marvarid va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan, qalpoqning tepasiga qadalgan laʼl yonib turardi. Huzurida hozir boʻlgan kishilar uni juda tantanavor tarzda muborakbod etardilar”.

1934-yil (bundan 86 yil oldin) – Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi va Yozuvchilar qoʻmitasining qoʻshma majlisi boʻldi. Unda Sadriddin Ayniy hamda Abdurauf Fitrat fors-tojik shoiri va mutafakkiri Abulqosim Firdavsiyning 1000-yillik yubileyi munosabati bilan uning hayoti va ijodi haqida maʼruza qildi. Kechada Maqsud Shayxzoda va Titov oʻz tarjimalarida “Shohnoma”dan parcha oʻqidi.

1992-yil (bundan 28 yil oldin) – Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatildi.

1994-yil (bundan 26 yil oldin) – Toshkentda Mirzo Ulugʻbek tavalludining 600-yilligiga bagʻishlangan “Mirzo Ulugʻbek va uning jahon taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi” mavzusida Xalqaro ilmiy konferensiya ochildi.

2008-yil (bundan 12 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

2009-yil (bundan 11 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 5 bob, 34 moddadan iborat.

2014-yil (bundan 6 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi

Ulashing | Поделись этим: