Farg‘onada “BOLAJON” innovatsiya markazi ochildi

Farg‘ona davlat universitetida tahsil olayotgan talabalarning 6 mingdan ziyodini xotin-qizlar tashkil etadi. 976 nafar oilali talaba-onalarning 700 nafardan ortig‘ida bog‘cha yoshidagi farzandlar bor.

Joriy yilning 12 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva universitet professor-o‘qituvchilari bilan muloqotda oliygohda gender tengligini ta’minlash, talaba-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin bilim olishi va yetuk kadr bo‘lib yetishishi uchun e’tibor qaratish lozimligiga urg‘u bergan edi. Senat raisining universitet qoshida ona va bola xonalari tashkil etish lozimligi haqidagi taklifiga ijodiy yondashuv bilan “Bolajon” innovatsiya markazi ochildi. Unda kichik va maktabga tayyorlov guruhlari faoliyat olib boradi.

— Innovatsion ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat ko‘rsatadigan mazkur markaz qisqa fursatlarda, eng zamonaviy maktabgacha ta’lim tizimi talablari asosida tashkil etildi, — deydi Farg‘ona davlat universiteti tabiiy fanlar fakulteti dekani Shuhrat Mamajonov. — Universitetning ushbu amaliy tashabbusi yurtimizda, avvalo, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi, qolaversa, jajji o‘g‘il-qizlarimizning maktabgacha ta’lim tizimi imkoniyatlaridan to‘la bahramand bo‘lishi uchun sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning o‘ziga xos ifodasidir. Endilikda talaba-qizlarimiz bog‘cha yoshidagi farzandlarini markazga topshirib, dars mashg‘ulotlarida to‘liq ishtirok etadilar. Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi professor-o‘qituvchilari va talabalari ko‘ngillilar sifatida markaz faoliyatiga jalb qilingan.

Jamiyatimiz uchun ona va bolaning mushtarak baxti juda muhim. Shinam va ko‘rkam xonalar, ko‘ngilochar va aqlni charxlovchi mashg‘ulotlar, bolalar kutubxonasi, malakali tarbiyachilarni qamrab olgan “Bolajon” innovatsiya markazi ana shu ezgu baxt uchun xizmat qiladi.

Dilnavoz QO‘LDOShEVA

Ulashing | Поделись этим: