Nomi tillarda doston sarkarda

Jaloliddin Manguberdi fondi rahbari Bekzod ABDIRIMOV bilan bo’lgan suhbatimiz fond faoliyati va maqsadlariga qaratildi.

Mardlik va jasorat hech qachon unutilmaydi. Ona vatan taqdiri va kelajagi uchun qaygʻurgan, el ozodligi yoʻlida fidoyilik koʻrsatgan shaxslarning nomi tarix zarvaraqalariga mangu muhralangan. Vatan ozodligi yoʻlida jonini fido qilgan dovyurak sarkarda Jaloliddin Manguberdi jasorati ham unutilmasdir. Xorazmshohlar davlatining soʻnggi vakili boʻlgan sarkardaning jasoratiga hali-hamon jahon ahli hayrat bilan qaraydi. Sharafli nomi esa tillarda doston. Xalqini ozod va baxtli koʻrish uchun oʻz hayotini bagʻishlagan Sulton Jaloliddin Manguberdi 21 yoshida parokanda boʻlib borayotgan xalqni birlashtirgan, Chingizxon qoʻshinlariga qarshi oʻn bir yil davomida mardonavor kurashgan, uning matonati va jasorati bugungi avlod uchun fidoyilik va vatanparvarlik namunasidir. Mamlakatimizda hukumatimiz tomonidan mard va jasur bobokalonimiz xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatilmoqda. Jaloliddin Manguberdi fondi rahbari Bekzod ABDIRIMOV bilan boʻlgan suhbatimiz fond faoliyati va maqsadlariga qaratildi.

– Tarixi va buyuk ajdodlarini eʼzozlagan millat oʻzligini namoyon eta oladigan millatdir. Prezidentimiz ham “Farzandlarimizni Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi buyuk bobokalonlarimizga munosib qilib tarbiyalashimiz kerak, buning uchun ularga tarixni oʻrgatishimiz, maʼnaviyatli qilib tarbiyalashimiz kerak”, degan…

– Albatta! Moziy ilmi xalq maʼnaviyati yuksalishida oʻzlikni anglashning poydevori va tayanchi hisoblanadi. Buni oʻz vaqtida anglab yetgan mustamlakachi saltanatlar xalqlarni qurol orqali qaram qilish bilan cheklanmasdan, qullik zanjirida uzoq ushlab turish maqsadida xalqni xalq, millatni millat qilib turgan ustunlar hisoblanmish uning tili, dini va tarixini yoʻq qilishga diqqat-eʼtiborni qaratishi bejiz boʻlmagan. Mustaqillik yillarida milliy tariximiz va uning bashariyat tamadduniga qoʻshgan jahonshumul hissalarini adolat tamoyili asosida yoshlarga yetkazish, shuningdek, harbiy vatanparvarlik va vatanga sadoqat tarbiyasining jangovar qurolga, xalq maʼnaviyatini yuksaltirish omiliga aylanishi davlat siyosati darajasiga olib chiqildi. Natijada tarixiy shaxslarimiz Sulton Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Bobur hamda maʼnaviyatimizning betakror vakillari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Az-Zamaxshariy, Moturidiy, Margʻinoniy, Bahouddin Naqshband va Najmiddin Kubro (Shayx ul-Valitarosh), Xoja Ahror Valiy va shu kabi yuzlab ulugʻlarimiz mustabid tuzum quvgʻinidan oʻz vatanlariga “qaytdilar”. Ularning maʼnaviy-ilmiy meroslari xalqimiz maʼnaviy dunyosini yuksaltirish, ayniqsa, yoshlarni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda boy xazinamiz hisoblanadi. Buyuklarimizning mislsiz jasoratlari, Vatanni himoya qilishdagi hayratomuz mardliklari, jangu jadallar maydonida jahonni titratgan hukmdor gʻanimlarning qoʻshinlari yuragiga qoʻrquv dahshatini solgani bugun va kelajakda ham Vatanni gʻanimlardan himoya qiladigan oddiy askarlardan to general darajasidagi harbiy rahbarlar uchun ham harbiy akademiya vazifasini bajara oladi.

– Jaloliddin Manguberdi fondining tashkil qilinishi haqida soʻzlab bersangiz?

– Jaloliddin Manguberdi nafaqat Vatan ozodligi va xalq manfaati yoʻlida kurashgan sarkarda, balki islom dini himoyachisi hamdir. Bu ulugʻ bobokalonimiz ruhini yod etib, uni yoshlarga namuna sifatida taqdim etish maʼnaviy hayotimizda katta ahamiyatga ega.

Zotan, Jaloliddin Manguberdining xizmatlari va siymosi mustaqillik koʻzgusida aks ettirilgan boʻlsa-da, el-yurtimizni bosqinchi, yovuz kuchlardan himoya qilgan bahodirning taqdir tarixini chuqur ilmiy oʻrganish, maqbara va muzeyini tashkil qilish, ajdodlar ruhini yod etish xalqimiz maʼnaviyatini boyitishga xizmat qiladi. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyati boʻlimi rahbari tashabbusi, bir guruh ziyolilarning taklif va qoʻllab-quvvatlashlari asnosida 2019-yilning dekabr oyida Jaloliddin Manguberdi fondi tashkil qilindi.

– Fondning asosiy maqsadi va vazifalari nimadan iborat?

– Fondimizning asosiy maqsadi turkiy xalqlar tarixi, jumladan, Oʻzbekiston tarixini oʻrganish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk sarkardalar, yetuk olimlar, islom dini taraqqiyotiga hissa qoʻshgan hadisshunoslar va tasavvuf ilmi namoyandalari hayoti va ijodi, harbiy mahorati va jasoratini oʻrganish va targʻib qilishga, bu borada ilmiy tadqiqotlar, ekspeditsiyalar oʻtkazish orqali haqqoniy tariximizni ochib berish, aholining keng qatlamlariga vatanparvarlik gʻoyalarini singdirishdir. Fond ushbu maqsadga erishishda bir qancha asosiy vazifalarini belgilab olgan.

Birinchidan, Oʻzbekiston tarixini, jumladan, Xorazm zaminidan yetishib chiqqan buyuk ajdodlarimizni haqqoniy tarixini oʻrganish va targʻib qilishga qaratilgan konferensiyalar, turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazadi va ekspeditsiyalarni tashkil etadi.

Ikkinchidan, turkiy xalqlar, jumladan, Oʻzbekiston tarixi doirasidagi kitoblar chop qilish, Jaloliddin tarixi, uning harbiy mahorati, jang sanʼatini oʻrganish va targʻib qilishga qaratilgan loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va bu borada tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini tiklaydi va mustahkamlaydi.

Uchinchidan esa Jaloliddin Manguberdi va boshqa buyuk shaxslar xotirasini abadiylashtirish, ularning xotirasini eʼzozlash, shu bilan birga, sarkarda xotirasiga bagʻishlangan turli koʻrik-tanlovlar va musobaqalar oʻtkazish hamda gʻoliblarni moddiy-maʼnaviy ragʻbatlantirish borasidagi ishlarni amalga oshiradi.

– Vazirlar Mahkamasining “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini oʻrganish” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilingan edi. Farmoyish asosida qanday ishlar amalga oshirildi?

– Prezidentimizning 2020-yil 12-13-mart kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan majlis bayonida Vatan ozodligi kurashchisi, dovyurak sarkarda, milliy qahramon, jahon xalqlari tarixida oʻchmas iz qoldirgan Jaloliddin Manguberdi jasoratining yosh avlodni milliy gʻurur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi tarixiy ahamiyatini hisobga olib, qator vazifalar berilgan va shunga koʻra Vazirlar Mahkamasining “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini oʻrganish” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilingan edi.

Jaloliddin Manguberdi fondi tomonidan 2020-yil 18-may kuni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi, Urganch davlat universiteti, Xorazm Maʼmun akademiyasi hamkorlikda “Xorazm – Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi tizimida” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya tashkil qilindi. Konferensiyada respublikamiz olimlari bilan bir qatorda Portugaliya, Ispaniya, AQSH, Pokiston, Malayziya mamlakatlarining ham bevosita Xorazm tarixi, Jaloliddin Manguberdi va Xorazmshohlar davri bilan bogʻliq ilmiy ish olib borayotgan tadqiqotchilari ishtirok etdi. Ushbu loyiha rejalashtirilayotgan “Jaloliddin Manguberdining jahon tarixida tutgan oʻrni” mavzuidagi xalqaro konferensiya uchun tajriba vazifasini bajardi. Yaqinda Xorazm teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda koʻrsatuv tayyorlanib, u “Buyuk ipaki yoʻl boʻylab” nomi bilan tashkil qilingan ekspeditsiya xususida boʻldi. Ekspeditsiya davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumani Jasliq mahallasi hududida joylashgan Belouli va Alanqalʼa yodgorliklarida kuzatuv-oʻrganuv ishlari olib borildi. Ekspeditsiya natijalari hamda olingan xulosalardan kelib chiqqan holda Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi tomonidan Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markaziga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga Jaloliddin Manguberdi fondi tomonidan oʻrganilgan manzilgohlarning saqlanishi, muhofazaga olinishi va eʼtibor qaratilishi bilan bogʻliq masalalardan iborat takliflar aks etgan maktublar yuborildi.

Shuningdek, Abul Fazl Bayhaqiy qalamiga mansub “Tarixi Bayhaqiy” asarining Xorazm tarixiga oid qismi tarjima qilindi va nashrga tayyorlandi.

– Fond tomonidan hamkorlik aloqalarini koʻngildagidek yoʻlga qoʻyilmoqdami?

– Bugungi kungacha Jaloliddin Manguberdining bunyodkorlik faoliyatiga oid tarixiy maʼlumotlar kam oʻrganilgan. Ammo oʻrganishlarimiz jarayonida uning nomi bilan bogʻliq bir qancha tarixiy meʼmoriy yodgorliklar borligiga guvoh boʻldik. Masalan, Eron Xurosonida Jaloliddin qalʼasi, Pokistondagi Tulaja qalʼasi, Samarqand qalʼasi, Arabiston dengizi qirgʻogʻida Juma masjidi bugungi kungacha saqlanib kelmoqda. Mana shu tarixiy obidalarni oʻrganish ham bizning asosiy maqsadlarimizdan biridir.

Fondimiz tomonidan Jaloliddin Manguberdi va, umuman, yurtimiz tarixi, xorazmliklarning oʻrta asrlardagi turli mintaqalar ijtimoiy-siyosiy hayotiga taʼsiri bilan bogʻliq ilmiy ish olib borayotgan tadqiqotchilar bilan hamkorlik yaxshi yoʻlga qoʻygan. Xususan, vengriyalik arxeolog Rose Zoltan bilan hammualliflikda “Vengriyadagi xorazmliklar” mavzusidagi tadqiqot ishi boshlab yuborildi. Yaʼni oʻrta asrlarda Sharqiy Yevropada hukmronlik qilgan Arpadlar saltanatining moliyaviy, harbiy sohalarida yetakchi kuchga aylangan ajdodlarimiz haqida manbalar oʻrganilib, uning asosida monografiya tayyorlanmoqda. Ushbu monografiya oʻzbek, venger, ingliz tillarida chop qilinishi rejalashtirilgan. Monografiyada xorazmliklarning Sharqiy Yevropadagi Arpadlar davlatida qanday kuchga ega boʻlishgani, salibchilar va nemislarga qarshi kurashlari, Rim Papasining xorazmliklar bilan bogʻliq munosabatlari aks ettiriladi.

Shuningdek, pokistonlik mustaqil tadqiqotchi Vasim Sajjad bilan ham Jaloliddin Manguberdining bevosita Hind havzasida 1221-1224-yillardagi davrini tadqiq qilish jarayoni tugallanmoqda. Ushbu izlanishlar natijasi oʻlaroq, joriy yil soʻnggida Jaloliddin Manguberdining Hindistondagi hayoti aks etgan risola oʻzbek, urdu, rus, ingliz tillarida tarix ixlosmandlariga taqdim qilinadi. Unda Jaloliddin Manguberdi tomonidan hozirgi Pokiston hududida amalga oshirgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat, bunyodkorlik ishlari haqida batafsil maʼlumotlar beriladi.

Bundan tashqari, fond tomonidan 2020-yilning soʻnggiga qadar Nazarbek Rahim tarjimasidagi turkiyalik professor Maryam Gumbuzning “Xorazmshohlarda davlat tashkiloti, iqtisodiy va maʼdaniy hayot” risolasi, Fuod Kuluruzodaning “Turk adabiyotidagi ilk asari, Urganch davlat universiteti tadqiqotchisi Bekzod Abdirimovning “VIII-XIII asrlar Yevrosiyo hududlarida kechgan siyosiy va etnik jarayonlarda xorazmliklarning oʻrni” monografiyalari chop etiladi.

– Kelgusidagi ezgu maqsadlar va rejalar haqida ham qisqagina soʻzlab bersangiz?

– Fond kelgusida tarixiy manbalarni tarjima qilish ishlariga keng koʻlamda yondashishni maqsad qilgan. Ayniqsa, yurtimiz tarixiga oid birlamchi manbalarni oʻzbek tiliga oʻgirish, ularni nashr qilish borasida bir qator loyihalarni ilgari suradi. 2021-yilda fond tashabbusi bilan Sirojiddin Juzjoniyning “Tabaqoti Nosiriy”, Tohir Marvaziyning “Kitab Tabai al-Xayyavan al-Baxri val-Barri” asarlari tarjima qilinishi hamda nashr etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, fond tomonidan ilmiy-ekspeditsiyalar ham oʻtkazish maqsad qilingan boʻlib, 2021-yilning ikkinchi choragida Qozogʻiston, Turkiya, Pokiston, Eronga ekspeditsiyalar tashkil qilishga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Albatta, ekspeditsiyalar ommaviy axborot vositalarida yoritilib, ular toʻgʻrisida maxsus telekoʻrsatuvlar tayyorlanadi va aniqlangan maʼlumotlar, toʻplangan materiallar asosida monografiyalar nashr etiladi.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Gulichehra DURDIYEVA suhbatlashdi

Ulashing | Поделись этим: