«One million Uzbek Coders» kurslarini to‘liq o‘rganishga qaror qilgan bir oila tarixi

Dasturlash hamma uchun. Agar siz hali ham bunga shubha qilayotgan bo‘lsangiz, ushbu maqolaga bir necha daqiqangizni ajrating, shunda bu so‘zlarning rostligiga amin bo‘lasiz.

Jasur va Gulnoza Xolovalar juftligi to‘rt farzandi bilan birgalikda «One million Uzbek Coders» platformasida tahsil olishdi va bundan zarracha ham afsuslanishmaydi. Ular IT sohasi, ayniqsa, «One million Uzbek Coders» (OMUC) loyihasining beradigan imkoniyatlari va istiqbollari haqida soatlab gapirish mumkin, deb hisoblashadi. Ammo qisqacha aytganda, ularning fikriga ko‘ra, OMUC — bu har bir inson uchun o‘z hayot yo‘lini va kasbini topish imkoniyati.

39 yoshli Jasur Xolov Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining axborot texnologiyalari yo‘nalishi bitiruvchisi, iqtisodiyotning turli sohalarida ko‘p yillik tajribaga ega. Ayni paytda u kompyuterda, ayniqsa, Excel ilovasida ishlash asoslarini o‘rgatadi.

Uning turmush o‘rtog‘i Xolova Gulnoza Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bitiruvchisi. Mental arifmetika bo‘yicha xalqaro darajadagi murabbiy. Hozirda u maktabda matematika, informatika va ITga ixtisoslashtirilgan fanlarni yoshlarga o‘rgatmoqda.

Xolovlarning oilasini bugungi jamiyat qarashlariga ko‘ra katta deb hisoblash mumkin.

To‘ng‘ich qiz, Hilola, 17 yoshda, Parkent tumanidagi 5-davlat ixtisoslashtirilgan maktabini chuqurlashtirilgan matematika, rus va ingliz tillarini o‘rganish bo‘yicha tamomlagan. Yaqinda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Axborot texnologiyalari yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan. Kelgusida u Yaponiyada magistratura yo‘nalishida tahsil olib O‘zbekistonda arxitektura va qurilish sohasida innovatsion loyihalarni yaratish borasida yetarli tajriba yig‘ishni rejalashtirgan.

Bahrom, 15 yosh, 9-sinf o‘quvchisi, xuddi shu maktabda tahsil oladi. Bahrom kelajakda tajribali ilovalar yaratuvchi dasturchi bo‘lishni, Massachusets texnologik universitetida (MIT) tahsil olib O‘zbekiston nomini jahon miqyosida tanituvchi ilovalarni yaratishni orzu qiladi.

O‘rtancha farzand, Barno, 13 yoshda, Parkent tumanidagi 40-maktabning 7-sinf o‘quvchisi. U mental arifmetika bo‘yicha xalqaro onlayn olimpiada g‘olibi. Kelgusida axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim beruvchi shaxsiy maktabini ochishni hamda «Ma’lumotlar tahlili» sohasida ta’lim berishni orzu qiladi.

Kichik qizi, Zumrad, 10 yoshda, Parkent tumanidagi 40-sonli maktabning 4-sinf o‘quvchisi. Zumrad dizaynga qiziqadi va kun kelib shaxsiy liboslar kolleksiyasini tuzish hamda veb-dizaynni mukammal o‘rganishni istaydi.

Xolovlarning aytishicha, ular OMUC haqida yangiliklar orqali bilishgan, aniqrog‘i loyiha taqdimoti reportajiga ko‘zi tushib qoladi va yangiliklarning keyingi sonini kutmasdan internet orqali ma’lumot topish va tahsilni tezroq boshlash kerakligini anglab yetadilar.

«Menimcha, «One million Uzbek Coders» loyihasining nomiyoq qaysidir ma’noda uning muvaffaqiyatli ekanligini belgilab beradi. Loyiha haqida bilganimizdan so‘ng, oila boshlig‘i sifatida, O‘zbekistonda yetishtirilajak bir million dasturchi safiga qanday qilib men va oilam kirmasligimiz mumkin, degan fikr keldi. Shu tariqa avvaliga o‘zim ma’lumotlarni tahlil qilish kursini o‘tashga qaror qildim, chunki ko‘p yillar davomida Excel tahlillari bilan shug‘ullanardim va ushbu sohadagi ma’lumotlar bilan ishlashning ahamiyatini bilaman», dedi Jasur Xolov.

Oila boshlihi OMUC platformasida o‘qishni boshlaganidan so‘ng, bundan uning turmush o‘rtog‘i Gulnoz va ularning bolalari ham ilhomlangan.

«Turmush o‘rtog‘imning tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi bilan, bir muncha vaqtdan keyin men ro‘yxatdan o‘tdim va ma’lumotlarni tahlil qilish kursini o‘rgana boshladim. Kurslarni o‘rganish ish tajribam va oliy ma’lumotim borligiga qaramasdan qiyin bo‘ldi. Ko‘proq maktabda olingan bilimlar asqatdi. Biz kurslarni to‘liq o‘rganganimizdan keyin farzandlarimizni o‘zimiz o‘qitamiz deb o‘ylagandik, biroq o‘rtancha farzandimiz Barno o‘zi mustaqil o‘zlashtirayotgani va hatto ba’zi hollarda menga o‘rgatib turganini ko‘rib bolalarimizni ham ro‘yxatdan o‘tkazishga qaror qildik. Katta qizim kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rayotgani uchun, Bahrom va Barno ma’lumotlarni tahlil qilishni o‘rganishni avvalroq boshladi», — deydi Gulnoza Xolova.

Oila sohiblarining aytishicha, nisbatan bolalar uchun OMUC kurslarida tahsil olish osonroq bo‘ldi, ular platformada ta’lim olishdan mamnun edilar, chunki bolalar kichikligidan bilimni charxlovchi kompyuter o‘yinlarini o‘ynashga ruxsat berilgandi. Ular bolalikdan kompyuterda qidiruv tizimlari, bosma, chizish va loyiha bilan ishlashni o‘rganishgan.

Biroq, Xolovalar boshqa ota-onalarga farzandlari dasturchi bo‘lishini istamasa, ularni o‘qishga majburlamaslik kerakligini ta’kidlashadi. Agar bolaning o‘zida ma’lum bir yo‘nalishga qiziqishi bo‘lmasa, unda farzandingizga bosim o‘tkazmang, aksincha, u yoqtirgan sohani aniqlab oling va unga yo‘naltiring.

Misol uchun, Xolovlar oilasida har bir kishi ma’lumotlarni tahlil qilish kursidan o‘tishga qaror qildi, ammo birgina o‘g‘li boshqa yo‘nalish bo‘yicha o‘qishni istadi va Android dasturlash kursini tanladi. Ayni paytda u loyiha forumining faol ishtirokchisi bo‘lib, yangi o‘rganuvchilarga maslahat beradi va o‘z loyihalarini yaratadi.

Bundan tashqari, oila har qanday yangi ishda bo‘lgani kabi, OMUCda ta’lim olishda qiyinchiliklarga duch kelishdi, masalan: akkauntlarni bog‘lash, murakkab laboratoriya ishlari va boshqalar.

Bundan tashqari, ular O‘zbekiston hukumati tomonidan IT soha rivojlanishining asosi bo‘lmish zamonaviy axborotlarni uzatishning telekommunikatsiya aloqasini yaratish, elektr energiyasidagi uzilishlari va internet tezligi bilan bog‘liq muammolarni kamaytirish ustida olib borilayotgan ulkan ishlar va yo‘naltirilayotgan manbalarni alohida ta’kidlab o‘tdi.

OMUC yordamida olgan yangi bilimlar nafaqat dunyoqarashni kengaytirishga yordam berdi, balki o‘z-o‘ziga va kelajakka bo‘lgan ishonchni ham oshirdi.

Jasur Xolov e’tirof etganidek, «Ko‘p yillar davomida oila a’zolarimning fikrlarini o‘zgartira olmadim. Ba’zan hatto o‘zimning so‘zlarimga ishonmay qolar edi. OMUC o‘z imkoniyatlari bilan nafaqat mening fikrimni o‘zgartirdi, balki O‘zbekiston IT sohasining kelajagiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamladi».

IT mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishni istagan odamlarga Xolovlar aslo ikkilanmay olg‘a qadam bosishni va mazkur mutaxassislikni o‘rganishni tezroq boshlashni tavsiya etishadi.

«OMUC platformasida dasturlash jarayonida o‘rganilgan bilim sizni bezovta qilmaydi, aksincha, yangi kasbni o‘rganishingizga yordam beradi. Jinsi, yoshi, kasbi va qanday ish bilan band bo‘lishidan qat’i nazar, o‘rta va hatto nol ma’lumotga ega bo‘lgan har qanday kishi OMUC kurslarida o‘qishi mumkin. Bu sizning hayotingiz va faoliyatingiz uchun katta foyda keltiradi. Dasturlash qobiliyatlari insonning zamon va makonga oid tasavvurini va dunyoqarashini kengaytiradi. Yangi g‘oya va loyihalar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi», — deya qo‘shimcha qildi Xolovning rafiqasi.

Xulosa qilib aytganda, Xolovlar oilasi, qilayotgan ishiga chin dildan ishonadigan va rejalashtirgan yo‘lidan qaytmaydigan oilalardan biri ekanini ishonch bilan aytishimiz mumkin. Biz Jasur va Gulnoza Xolovaning farzandlariga to‘g‘ri namuna ko‘rsatayotgani, ularni majburlamasdan, aksincha, yangi marralarni zabt etish, maqsadga erishish yo‘lida ruhlantirayotganini alohida ta’kidlashimiz lozim. Xolovlar oilasi, ayniqsa, farzandlari kamida axborot texnologiyalari sohasida minimal bilimlarga ega bo‘lishini, ko‘pida professional dasturchi bo‘lib, kishilar hayotini yaxshilash va jamiyatga yordam beradigan innovatsion loyihalarni yaratadigan shaxs bo‘lib yetishib chiqishini istaydigan ota-onalar yoki bo‘lg‘usi oila sohiblari uchun o‘ziga xos namuna bo‘la oladi.

Ulashing | Поделись этим: