KUN TARIXI: Xitoy hukmdoridan temuriyzoda Shohruxga yuborilgan ov qushlari

Vatanimiz tarixidagi 12 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1419 yil (bundan 601 yil oldin) – tarixchi olim Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida qayd etilishicha, Xitoy hukmdori Day-Ming-Xonning Li-Tojin va Xan-Tojin ismli elchilari amirzoda Shohrux boshchilik qilayotgan Temuriylar davlatiga keldi. Ramazon oyining yigirma uchinchi kuni (12 noyabr)da ushbu elchilar Xuroson markazi Hirotda ulug‘ xoqon Shohruxga Xitoy hukmdori yuborgan peshkashlar (hadyalar) hamda hukmdorning xatini tantanavor tarzda taqdim etdilar.

Ushbu xatda Day-Ming-Xon Shohruxga saroy amiri Li-Do va bir guruh uning kishilaridan iborat avvalgi elchilarga ko‘rsatilgan hurmat va izzat-ikromlar uchun minnatdorchilik bildiradi. Li-Do va uning odamlari Xitoyga Shohruxning hadyalari: sherlar, chopqir otlar, qoplonlar va boshqa sovg‘alar – hurmat va do‘stlikning ramziy buyumlari – bilan qaytib borganligini aytadi.

Shuningdek, Xitoy hukmdori Shohruxga sovg‘a sifatida yetti bosh o‘z ov lochinlarini yuborib, ulardan shaxsan o‘zi ovda foydalanganini yozib o‘tadi. Hukmdorning maktubda qayd etishicha, Xitoyda lochinlar yo‘q bo‘lib, ular hukmdorga hadya sifatida dengiz sohillaridan olib kelinadi. Xat so‘ngida yuborilgan narsalar kamroq bo‘lsa-da, har holda ikki hukmdor do‘stligini mustahkamlaydigan va’j bo‘lib xizmat qilishiga umid qilinadi.

1877 yil (bundan 143 yil oldin) – tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Qo‘qonning sobiq xoni Xudoyorxon 12 noyabrga o‘tar kechasi hajga borish maqsadida yoniga to‘rt ishonchli odamni olib Orenburgdagi surgundan maxfiy ravishda jo‘nab ketdi. Sobiq xonning qayoqqa qochganligi, taqdiri nima bo‘lganligi ancha vaqtgacha noma’lum holda qoldi. Xudoyorxonning baxtsizliklar bilan to‘lib-toshgan haj safari haqida, begona yurtlarda uning boshiga tushgan musibatlar haqida arxivlarda, o‘sha davr vaqtli matbuotida anchagina hujjatlar, ma’lumotlar saqlanib qolgan.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, minglar sulolasidan bo‘lgan Xudoyorxon Qo‘qonda tanaffuslar bilan 1845–1875 yillarda hukmronlik qildi. Qo‘qon xonligida boshlangan Po‘latxon qo‘zg‘olonini bostirishning ilojini topa olmagach xonlikning barcha xazinasini olib Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufmandan harbiy yordam olish uchun Toshkentga qochdi. So‘ngra sobiq xon Orenburgga surgun etildi. Yuqorida qayd etilganidek, u bu yerdan qochib Makkaga bordi.

Tarixchi olim Haydarbek Bobobekovning yozishicha, keyinchalik, Qo‘qon xonligining qolgan hududlarini ham Rossiya bosib olgandan so‘ng Xudoyorxon Kaufmanga rasman murojaat qilib, siyosiy ishlarga aralashmaslikni va’da berib Qo‘qonga qaytishga ruxsat so‘radi, ammo rad javobini oldi. Xudoyorxon ikkinchi marta ham murojaat qildi. Bu ariza senatda ko‘rib chiqilib, unga Qo‘qonga qaytishga ruxsat berildi. Ammo bundan xabarsiz Xudoyorxon yashirin holda Qo‘qonga qaytmoqchi bo‘lib, 1884 yilda yo‘lda vafot etdi.

1912 yil (bundan 108 yil oldin) – bojxona organlari tizimi isloh qilinishi natijasida Turkiston bojxona okrugi Toshkent bojxona inspektorlik uchastkasiga aylantirildi va shu holatda 1917 yilgacha faoliyat ko‘rsatdi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, O‘rta Osiyo hududida bojxonalar uzoq tarixiy davrda shakllanib kelgan. O‘zbekistonda birinchi Patta-Hisor bojxonasi o‘n to‘qqizinchi asrning oxirlarida tashkil etilgan. Bu bojxona Afg‘oniston orqali o‘tadigan yuklarni nazorat qilgan.

1927 yil (bundan 93 yil oldin) – “O‘rta Osiyo ipakchilik va ipakshunoslik instituti” tashkil etildi. Tarixchi Nargizaxon Alimovaning ma’lumot berishicha, 1931 yilga kelib uning nomi “O‘rta Osiyo ipakchilik ilmiy-tekshirish instituti” deb o‘zgartirilgan. Mazkur institut ipakchilik yo‘nalishida ilmiy izlanishlar olib borgan.

O‘zbekistonda ipakchilik tarmog‘i teran tarixiy ildizlar va an’analarga ega. Ipak qurti boqish va uning pillasidan tola olish, ipak gazmollar to‘qish dastlab Xitoyda vujudga kelgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ipak qurti boqish to‘rtinchi asrda (bundan qariyb bir ming yetti yuz yil oldin) Xitoydan Buyuk ipak yo‘li orqali hozirgi O‘zbekiston hududiga tarqalgan.

1930 yil (bundan 90 yil oldin) – daryo suvining qirg‘oqni yuvishi oqibatida o‘ng qirg‘oq yemirilib Amudaryo To‘rtko‘l shahriga yaqinlashib kela boshlagani tufayli Qoraqalpog‘iston Muxtor Respublikasining markazini To‘rtko‘l shahridan Nukusga ko‘chirish haqida qaror qabul qilindi. 1932 yildan Nukusda yangi ma’muriy binolar qurilishi boshlandi. Keyinchalik Respublika ma’muriyati Nukus shahriga ko‘chib o‘tdi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi

O‘zA

Ulashing | Поделись этим: