Bolalarga sog‘lom turmush tarzi o‘qitiladi

«Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:

  • maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Shaxsiy gigiyena va jismoniy tarbiya asoslari” mashg‘ulotlari o‘tkaziladi;
  • respublika umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv darslarini qayta ko‘rib chiqqan holda 1-4-sinflar uchun “Tarbiya” va “Atrofimizdagi olam” fanlari, yuqori sinflar uchun “Biologiya” fani tarkibida to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha “Salomatlik saboqlari” mavzulari kiritiladi;
  • akademik litsey, professional va oliy ta’lim muassasalarining “Jismoniy tarbiya” fani doirasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi;
  • tibbiyot texnikumlarida valeolog, diyetolog, nutritsiolog mutaxassisliklarini tayyorlash, nutritsiolog va diyetolog magistratura (internatura, klinik ordinatura) mutaxassisliklarini 1 yillik o‘quv dasturlari asosida tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;
  • tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat, klinik ordinatura, magistratura, tibbiyot kollejlari va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarining barcha yo‘nalishlarida to‘g‘ri ovqatlanish mavzulari alohida siklda o‘qitiladi;
  • barcha mutaxassisliklar bo‘yicha vrach va o‘rta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, qayta tayyorlash kurslari bo‘yicha fan dasturlariga “Sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish mezonlari” mavzulari kiritiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Ulashing | Поделись этим: