«Tadbirkorlikning moddiy tomonini o‘ylagan yaxshi, ammo ma’naviy qiziqishni ham esdan chiqarib qo‘ymaslik kerak»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Yoshlar markaziga qilgan tashrifi vaqtida bir qator iqtidorli yoshlar bilan uchrashdi. Iroda Abdurahmonova mana shunday yoshlardan biri. Tadbirkor qiz 100 million so‘m kredit oldi va pazandalik, rassomlik, kompyuter kurslari tashkil etdi. E’tiborli tomoni, Iroda yoshlar uchun katta kutubxona va kitob do‘koni ham ochgan.

— Tadbirkorlikning moddiy tomonini o‘ylagan yaxshi, ammo ma’naviy qiziqishni ham esdan chiqarib qo‘ymaslik kerak. O‘zim kitob o‘qishga qiziqaman. Shuning uchun kutubxona va do‘kon ham ochdik. Kitoblarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri nashriyotdan olganimiz sababli narxlar ancha arzon. Qolaversa, xuddi o‘sha kitobni sotib olmasdan, kutubxonada o‘qib olish ham mumkin, — deydi Iroda Abdurahmonova.

Ma’naviyat yaxshi albatta, ammo bu yoqda 100 million so‘mlik kredit qistab turganda, moddiyatni ham unutmaslik lozim. Yosh tadbirkor qiz bu savolga shunday javob berdi:

— Menga har doim ota-onam yordam bergan. Ular uchun bizning ta’lim olishimiz har doim muhim. Masalan, dadamning daromadi yomon emas, xohlagan vaqtda o‘ziga mashina sotib olsa bo‘lardi. Ammo bor pulini farzandlarining o‘qishiga sarflagan. Kutubxona g‘oyasini aytganimda ham ota-onam qo‘llab-quvvatladi. «Sen olgan kreditni yopishga bizning maoshimiz ham yetadi. Shu ishni boshlamoqchi ekansan, faqat oldinga yur», — deyishdi. Nasib qilsa, kreditni o‘zim uzaman. Besh yilgacha tadbirkorligim yana-da rivojlanib ketishiga ishonaman…

Yevropada shunday gap bor: eng yaxshi sarmoya — farzandlarning o‘qishi uchun sarflangan. Qani edi bizda ham shunday sarmoya ommalashsa…

Ulashing | Поделись этим: