Qarshida O‘zbekistondagi birinchi zargarlik maktabi ish boshladi

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida respublikada birinchi zargarlik maktabi va «Odina» hunarmandlar markazi ish boshladi.

Qayd etilishicha, ushbu markazda 13 ta katta-kichik hujralar tashkil etilib, ularda zargarlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, ganchkorlik, soatsozlik, milliy liboslar tikish va gilam to‘qish ishlari bilan shug‘ullanuvchi hunarmandlar ish boshlagan. Shu bilan birga, 20 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Shuningdek, bu yerda O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan zargarlik maktabi ham ochilgan. Xususan, unda zargarlikning Qoraqalpoq—Xorazm, Buxoro—Samarqand, Toshkent—Farg‘ona, Qashqadaryo—Surxondaryo maktabi namunalari o‘rin olgan.

Toshkent shahrida 2019 yil 27 dekabrda Prezident va yoshlar uchrashuvida qashqadaryolik zargar Sharif Raupov viloyatda zargarlik maktabi ochish taklifini kiritgan va shundan so‘ng Qashqadaryoda maktabning va hunarmandlar markazining yaratish ishlari boshlangan.

«Olti sulolaning davomchisi sifatida 12 yildan buyon zargarlik bilan shug‘ullanib kelaman. Shaxsan o‘zim, 2019 yilda Qo‘qonda o‘tkazilgan festivalda «Yilning eng yosh hunarmandi» nominatsiyasini qo‘lga kiritganman. Biz yaratgan buyumlar yurtimizga sayohatga kelganlar, qanday turist bo‘lmasin, ularning yonidan shunchaki o‘tib ketolmaydi. Taqinchoqlar orqali hunarmandning qandaydir harorati o‘tadi, deb o‘ylayman. Faoliyatim davomida XIV—XIX asrlargacha tayyorlangan, O‘zbekistondan olib chiqib ketilgan noyob zargarlik buyumlarining nusxasini yaratishga muvaffaq bo‘ldim. Mana shu markazda ham ulardan ayrimlarini ko‘rishingiz mumkin», — deydi zargar Sharif Raupov.

Ulashing | Поделись этим: