To‘rtta hududda matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar ochildi

Prezidentning 2020 yil 7 maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har bir tuman (shahar)lar markazlarida moddiy texnika bazasi to‘liq bo‘lgan maktablar negizida matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish belgilangan.

Mazkur qarorga asosan, Buxoro viloyati Qorako‘l tumani matematika faniga ixtisoslashgan maktab-internati negizida Farg‘ona viloyatida 2020-2021 o‘quv yilida Quvasoy shahar 1-IDUM, Farg‘ona shahar 40-IDUM, Qo‘qon shahar 32-IDUM hamda Oltiariq tumani 3-IDUM negizida matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar viloyat hokimining qarori bilan tashkil etildi.

2021-2022 o‘quv yilidan boshlab barcha tuman, shahar markazlarida matematikaga ixtisoslashtirilgan maktablar o‘z faoliyatini boshlashi hokim qaroriga asosan tasdiqlandi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-2021 o‘quv yilida yuqorida nomlari keltirilgan matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar uchun qabul kvotalari e’lon qilindi va joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari Davlat test markazi bilan hamkorlikda kirish imtihonlari o‘tkazildi.

Yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, yuqoridagi qarorga asosan “Matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablarining nizomi va mazkur maktablarda matematika fani o‘qituvchilarini tanlov asosida ishga qabul qilish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi nizom ham qabul qilindi va shu asosida matematika fani chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar Nizomi qaytadan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, hozirda ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘qituvchilari tanlov asosida ishga qabul qilinishi belgilandi.

Ulashing | Поделись этим: