“PAQILDOQ”NING ZAVQIDAN XAVFI KUCHLI - Dono.uz

“PAQILDOQ”NING ZAVQIDAN XAVFI KUCHLI

3539Mutaxassislarning ta’kidlashicha, pirotexnika vositalari tez yonadigan moddalardan tayyorlanadi va ularning deyarli barchasi yong’in chiqishi nuqtai nazaridan xavfli buyumlar hisoblanadi. Bu esa bevosita odamlar hayoti va sog’lig’iga, jamoat tartibi va fuqarolarning mol-mulkiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

PIROTEXNIKA NIMALARDA QO’LLANILADI?

Pirotexnika (yunoncha “rug” – olov va texnika) — portlovchi va yonuvchi aralashmalar tayyorlash hamda ularni amalda qo’llash bilan shug’ullanadigan texnika tarmog’i. Harbiy maqsadlar, sanoat, qishloq xo’jaligi, bayramlarda mushakbozlikda qo’llanadigan moddalar bilan shug’ullanuvchi turlari bor. Harbiy maqsadlarda yorituvchi pirotexnik, signal, yondiruvchi, yorug’ iz qoldiruvchi, tugun hosil qiluvchi pirotexniklar qo’llaniladi. Sanoatda rel`slar, trubalar, elektr simlar, turli qotishmalar ishlab chiqarishda termit pirotexnikdan foydalaniladi. Gugurt ishlab chiqarishda ishlatiladigan tarkiblar ham pirotexnikning bir turidir. Signal pirotexniklaridan esa transportda, kinoga olish, mushaklar tayyorlash va boshqalarda foydalaniladi.

QONUNCHILIKDAN

2010 yil 22 sentyabrda «Pirotexnika buyumlari muomalasi tartibga solinishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi Qonun qabul qilingan. Mazkur qonunga ko’ra, pirotexnika buyumlari muomalasini litsenziyalash joriy etildi. Shuningdek, uning noqonuniy muomalasi yuzasidan ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirilgan.

JAZO

Mazkur qonunga binoan Jinoyat kodeksida, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo’natish, ulardan foydalanish, shuningdek, ularni mamlakatimizga olib kirish va olib chiqish yoki sotish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

“PIROTEXNIKACHI”LAR G’IMIRLAB QOLISHDI

Ko’ngilochar yoki boshqa maqsadlarda pirotexnika buyumlaridan foydalanishga qiziqish mazkur vositalarni mamlakatimizga noqonuniy yo’llar orqali olib o’tilishi bilan bog’liq huquqbuzarliklarga ham sabab bo’lmoqda. Bojxonachilar va boshqa huquq-tartibot idoralar xodimlari tomonidan paqildoqfurushlarning yo’lini to’sishga qaratilgan tezkor sa’y-harakatlar izchil davom ettirilmoqda. Bunday tadbirlarni amalga oshirishdan maqsad, avvalo, farzandlarimizning sog’lig’i, xavfsizligini ta’minlashdir. Afsuski, bu ana shunday vositalarni pullash hisobiga daromad orttirishni ko’zlagan kimsalarni zarracha tashvishga solmayapti.

KIMLAR SOTIB OLADI?

Hammasi ham hali ona suti og’zidan ketmagan bolajonlarimiz emas, gohida ularni guyoki shu bilan xursand qilish maqsadida dastalab sotib olib beradigan ota-onalar ham bor. Afsuski, bu pullarimiz tom ma’noda havoga uchadi. Uchganda ham tinch emas, kimnidir kuydirib, kimnidir mayib-majruh qilib, hech bo’lmaganda kimningdir yuragini yoradi.

Shuningdek, pirotexnika vositalari portlashi oqibatida undan sachragan uchqun ko’zga tushib, termik kuyishga olib kelmoqda. Bular qatoriga pirotexnika sababli tez-tez uchrayotgan boshqa jarohatlarni ham kiritish mumkin.

ZAVQIDAN XAVFI KUCHLI

Hulkar Abdullaeva, psixolog:

Har xil pirotexnik o’yinchoqlar bolada qo’pol xatti-harakatlar, jahldorlik, asabiylik holatlari paydo bo’lishiga olib keladi. Biroq hamma ham bunday o’yin va o’yinchoqlar farzandining qiziqishi va tarbiyasiga qanday ta’sir ko’rsatayotganiga e’tibor bermaydi. Pirotexnika vositalari aslida odamlarning tinchini buzuvchi, ruhiyatiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi, kuchli qo’rquv sababli jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaruvchi ofatdir. Buning natijasida inson bir umrga nogiron bo’lib qolishi ham mumkin.

BILASIZMI?

Ko’pgina pirotexniklarning asosini oksidlovchining yonilg’i bilan ikkilamchi aralashmasi tashkil etadi. Bunda yonilg’i qisman oksidlovchidagi, qisman havodagi kislorod hisobiga yonadi. Yonish tezligi 0,5—20 mm/s. Xo’sh, bolaning qo’lida endigina tutatilgan bu matoh shu onning o’zidayoq unga zarar yetkazmasligiga kim kafolat beradi.

Sarvar SAFAROV tayyorladi

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi.

Free WordPress Themes