Professor-o‘qituvchilar ilmiy salohiyati eng yuqori OTMlar ma’lum qilindi

Oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyati ularda faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilarning ilmiy darajasiga qarab aniqlanadi. Bunda OTMda faoliyati ko‘rsatayotgan jami o‘qituvchilardan (asosiy shtat va ichki o‘rindoshlar) necha foizida ilmiy unvoni va darajasi mavjud qarab baholanadi.

Ushbu ko‘rsatkichlar xalqaro tan olingan agentliklar reytingi hamda milliy OTMlar reytingiga alohida indikator sifatida kiritilgan.

Bugungi kunda yurtimizdagi milliy OTMlar o‘rtasida professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati bo‘yicha eng yuqori o‘rini qayd etgan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetidagi o‘qituvchilarning 55,1 % ilmiy unvon va darajalarga ega, ushbu oliygohda faoliyati olib borayotgan jami 176 nafar o‘qituvchilardan 29 nafari fan doktori va professor, 68 nafari fan nomzodi (PhD) ilmiy darajasiga yoki dotsent unvoniga ega. Ushbu indikator bo‘yicha navbatdagi o‘rinlarni O‘zbekiston milliy universiteti (52,7 %), Samarqand davlat universiteti (51,3 %) egallagan.

Ilmiy salohiyat bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Samarqand davlat chet tillar instituti (21,3%), Termiz davlat universiteti (20,7%), O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti (20,7%), Farg‘ona politexnika instituti (19,8%) va Qo‘qon davlat pedagogika instituti (19,4%)da qayd etilgan.

So‘nggi bir yil ichida milliy OTMlarning asosiy shtatdagi professor-o‘qituvchilar soni 10,6%ga, talabalar soni 25,4%ga, fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki professor unvoniga ega professor-o‘qituvchilar 11,0%, fan nomzodi (PhD) ilmiy darajasiga yoki dotsent unvoniga ega professor-o‘qituvchilar 10,1%, dissertatsiya himoyalari (shuningdek, ilmiy darajaga ega bo‘lmay professor ilmiy unvonini yoki dotsent ilmiy unvonini olgan yoki ularga tenglashtirilgan) 41,1% ga oshgan.

Joriy yilda e’lon qilingan milliy OTMlar reytingi jami 20 ta indikator orqali aniqlandi. Professor-o‘qituvchilar ilmiy salohiyati esa ulardan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Ta’lim inspeksiyasi tomonidan joriy yilning oktyabr oyida mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarining milliy reytingi (2020 yil 1 yanvar holatiga) e’lon qilingandi. Joriy yilgi reytingda O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti yetakchi o‘rinlarni egallagan.

Ulashing | Поделись этим: