Nega Farg‘onada kitobxonlar ko‘p?

 

Bugun kunda Farg‘onada 1400 dan ziyod axborot-kutubxona muassasalari aholiga zamonaviy kutubxona xizmatlari ko‘rsatib kelmoqda. Ayniqsa, kitobxonlarni onlayn qamrab olish, ularga masofadan kitob yetkazib berish kabi vazifalar doimiy e’tiborda.

Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazida «INFOLIB UZBEKISTAN-2020” IX Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida turli tadbirlar, tanlovlar bo‘lib o‘tmoqda. Unda kutubxona sohasining dolzarb muammolari va yechimlariga, qolaversa, istiqbollari rivoji masalalariga alohida urg‘u berilgan. Respublika miqyosida 40 dan, viloyat miqyosida o‘ndan ziyod shu kabi tadbirlar o‘tkazilyapti.

Shu nuqtai nazardan farg‘onalik kutubxonachilar joriy yilda keng qamrovli tadbirlarni amalga oshirdi. Pandemiya davrida o‘tkazilgan yuzlab tadbirlar, ko‘rik-tanlovlarda butun respublika miqyosida kitobxonlarni qamrab olishni uddasidan chiqishdi. Shu kabi tadbirlardan biri – «Til bilimdonlari» onlayn tanlovidir.

Mazkur tanlovda 16 ming nafardan ziyod yoshlar va maktab o‘quvchilari ishtirok etdi. Yakunda 36 nafar kitobxonlar o‘zbek tilining chinakam bilimdonlari ekanliklarini isbotlashdi.

Haftalikning ochilish marosimida tanlov g‘oliblari taqdirlanib, ularga tashkilotchilar tomonidan kitoblar to‘plami taqdim etildi. Kitob o‘qib muvaffaqiyatga erishgan o‘g‘il-qizlarning hayajoni cheksiz bo‘ldi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosarlari F.Qosimov, J.Hatamov, O‘zbekiston xalq shoiri E.Siddiqovalar mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish borasidagi ishlar haqida so‘z yuritishdi.

Ulashing | Поделись этим: