YuNISEF taqdimoti: O‘zbekistonda bolalar to‘g‘ri oziqlanyaptimi?

YuNISEF va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida taqdim etilgan Oziqlantirish bo‘yicha O‘zbekiston milliy tadqiqoti doirasida ayollar va besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning oziqlanishi bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovda mamlakatimizning barcha mintaqalaridagi 3874 xonadon ishtirok etdi. Hisobotda so‘nggi yillarda erishilgan natijalar, shuningdek, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar keltirildi.

O‘zbekistonda bolalarning normal o‘sishdan orqada qolish darajasi ijobiy tomonga o‘zgarmoqda. Hozirgi vaqtda bu ko‘rsatkich 8,7 foizga teng va jamiyat uchun katta xavf tug‘dirmaydi. Bolalarning vazn yo‘qotish darajasi 1,9 foizni, kam vaznli bolalar esa 2,6 foizni tashkil etadi.

Go‘daklarni ko‘krak suti bilan oziqlantirishni erta boshlash 91 foizga ko‘tarilgan. Olti oylikkacha bo‘lgan bolalarni faqat ko‘krak suti bilan oziqlantirish darajasi esa 50 foizni tashkil etadi. O‘n boladan to‘qqiz nafari bir yoshgacha, 40 foizga yaqini ikki yoshga to‘lguncha ko‘krak suti bilan oziqlantirilgan.

Tadqiqotdan yosh bolalarning xilma-xil ozuqa olishlari, 6-23 oylik bolalarning rivojlanishini ta’minlash, ortiqcha vazn muammosi, ozuqa mikroelementlari tanqisligi, kamqonlik, organizmda temir moddasi yetishmovchiligi bilan bog‘liq ma’lumotlar ham o‘rin olgan.

So‘rovda qatnashganlarning 90 foizdan ko‘pi yodlangan tuz iste’mol qilishini bildirgan. Biroq tuz namunalarining tahlili ularning atigi 40 foizida yetarli darajada yod mavjud ekanini ko‘rsatdi.

Taqdimot yakunida keyingi bir necha yil ichida O‘zbekiston bolalarning to‘g‘ri oziqlanishi ko‘rsatkichlari bo‘yicha ijobiy natijalarga erishgani qayd etildi. Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Ulashing | Поделись этим: