Fan olimpiadalarida O’zbekiston bayrog’ini 72 bor ko’targan yoshlar

O’quvchilar kimyo va biologiya fanlaridan respublikamiz ta’lim tizimi tarixida birinchi bo’lib oltin medalni qo’lga kiritishgan.

2020-yil, 12-avgust. Yaponiyada tashkil etilgan 31-Xalqaro biologiya olimpiadasining yakuniy natijalari eʼlon qilinish arafasida. Pandemiya sabab onlayn tarzda oʻtkazilgan tanlov yakunlarini katta ekranlar qarshisida hayajon bilan kutayotgan 52 ta davlatning 200 nafar ishtirokchilari orasida yurtimiz vakillari ham bor.

Uzoq kutishlardan soʻng, nihoyat, natijalar eʼlon qilindi. Minbardan jarangdor ovozda 1-oʻrin gʻolibi — oʻzbekistonlik Saida Valijonova ismi yangradi. Va bu kun mamlakatimiz terma jamoasi oʻz tarixida ilk bor mazkur nufuzli xalqaro olimpiadada oltin medalni qoʻlga kiritgan sana sifatida muhrlandi.

Ana shunday lahzalarda qalbni yondiradigan quvonch, faxr, gʻarur tuygʻulari Oʻzbekiston degan yurtning ramziy timsoli boʻlgan bayroq bilan birga balandlarga koʻtarilib, mamlakatimiz yoshlarining barcha sohalar qatori fan va taʼlimda hech kimdan kam emasligini namoyon etayotgandek boʻladi.

Shundanmi, olimpiada finalida yurtimiz nomi yangrashi hamon zalda oʻtirganlarning bari hayajondan qalqib ketdi. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi 2-bosqich oʻquvchisi Saida Valijonovaga qoʻshilib, butun jamoa quvonchdan hayqirib yubordi. Uzoq kutilgan gʻalabaning haqiqat ekaniga ishonolmay, hatto, koʻziga yosh olgan ustozlar darhol sergak tortib, bir-birlarini qutlay boshladi.

— Olimpiada davomida zimmamda menga bildirilgan ishonchni oqlashdek katta masʼuliyat turgan boʻlsa, natijalarni kutish jarayonida barcha his-tuygʻularim oʻrnini kuchli hayajon egalladi, — dedi Saida Valijonova. — Gʻalabaga ishonchim kamroq boʻlsada, olimpiadada Oʻzbekiston nomini birinchi oʻringa olib chiqish istagim yuqori edi. Ana shu maqsadimga erishganimdan baxtiyorman. Aslida, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyiga bu yerda tahsil olib, fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan oʻquvchilarga havas qilib kelganman. Biologiya fanidan ilk saboqlarni ustozim Mukambar Muhammedovadan oldim. Milliy terma jamoa safiga qoʻshilganimdan keyin saboqlarni direktorimiz Ortiqboy Eshonqulov ustozligida davom ettirib, olimpiadaga chuqur tayyorlana boshladim. Bugun erishgan gʻalabam ortida ana shu muallimlarimning katta mehnati, menga bildirgan ishonchi yotibdi. Kelgusida tabiiy fanlarni yana-da keng oʻrganib, taʼlimning keyingi bosqichini tibbiyot sohasida davom ettirish, gen injeneriyasi boʻyicha ilmiy ish qilishni maqsad qilganman.

Bellashuvda Saidadan tashqari Buxoro davlat universitetining Qorakoʻl akademik litseyi 2-bosqich oʻquvchisi Ravshanbek Karimov hamda Jizzax davlat pedagogika instituti akademik litseyi 2-bosqich oʻquvchisi Sardor Tojiboyevlar ham sovrindorga aylanib, har ikkalasi kumush medal sohibi boʻlishdi. Xalqaro olimpiadada munosib ishtirok etib, ularni doim qoʻllab-quvvatlagan yaqinlari hamda marra tomon yetaklab kelgan fidoiy ustozlari ishonchini oqlagan yoshlar oʻz bilim va salohiyati bilan Vatanimiz bayrogʻini yana bir karra jahon uzra baland koʻtardi.

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi oʻquvchilari hayajonga toʻla bunday lahzalarni oʻnlab marotaba boshdan kechirgan. Ular 2008-yildan buyon Rossiya, AQSH, Turkiya, Qozogʻiston, Koreya, Singapur, Daniya, Indoneziya, Shveysariya, Vyetnam, Ozarboyjon, Gruziya, Tailand, Belarus, Eron, Slovakiya, Chexiya, Vengriya, Fransiya kabi koʻplab davlatlarda kimyo va biologiya fanlaridan oʻtkazilgan jahon va xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, katta natijalarga erishib kelmoqda. Oʻquvchilar kimyo va biologiya fanlaridan respublikamiz taʼlim tizimi tarixida birinchi boʻlib oltin medalni qoʻlga kiritishgan. Shu vaqtga qadar akademik litsey oʻquvchilari xalqaro fan olimpiadalaridagi gʻalabalari bilan davlatimiz bayrogʻini 72 bor baland koʻtarishga muvaffaq boʻldi. Qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyatlar 11 ta oltin, 20 ta kumush, 41 ta bronza medallarda aks etib turibdi. Medallarning 35 tasi oxirgi 3 yilda — mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirishga eʼtibor ortgan vaqtda qoʻlga kiritilgani ayniqsa, ahamiyatlidir.

“Jahonda yagona litsey”

Yuzlab mamlakatlar orasida Vatan bayrogʻini koʻtarish har bir insonga oʻzgacha gʻurur va iftixor bagʻishlaydi. Ana shunday yoshlarni tarbiyalab, mamlakatimizda iqtidorli oʻgʻil-qizlar safi kengayishiga hissa qoʻshish esa ikki karra sharafli yoʻldir. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi direktori, biologiya fanlari doktori, professor Ortiqboy Eshonqulov uzoq yillik mehnat faoliyatini yoshlarga taʼlim-tarbiya berish bilan birga, maktab-litseylar oʻquvchilarini xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlab, ilm-fan sohasida yurtimiz nomini jahonga tanitishga bagʻishlab kelmoqda. Uning tashabbusi va saʼy-harakatlari bilan 1997-yilda ochilgan akademik litseyda oʻquvchilarga tabiiy fanlardan chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi.

— Qaysi sohada boʻlishidan qatʼiy nazar, oʻz mahorati bilan dunyoni lol qoldirayotgan yoshlar yurtimiz faxridir, — dedi Ortiqboy Eshonqulov. — Bir vaqtlar jahon arenalarida katta gʻalabalar quchib, mamlakatimizga qaytgan sportchilarimizga alohida eʼtibor qaratilib, yirik mufokotlar bilan taqdirlangan boʻlsa, bugun barcha sohalar, xususan, ilm-fanda qator yutuqlarga erishib, fan olimpiadalarida gʻolib boʻlayotgan oʻgʻil-qizlar davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanayotgani quvonarli hol. Prezidentimizning 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Xalqaro biologiya olimpiadasi gʻoliblari va ularning oʻqituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Bunday oʻquvchilarning davlat OTMlariga test sinovisiz va qoʻshimcha imtihonsiz qabul qilinishi ham ular uchun berilgan katta ragʻbat, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Bugun ana shu eʼtibor, ragʻbat oʻz mevasini bermoqda. Mamlakatimiz yoshlari barcha sohalarda yetakchi oʻrinlarni egallash, vatanga munosib farzand boʻlishga intilmoqda. Bu intilish ularning ilm va boshqa koʻplab sohalarda erishayotgan yutuqlarida namoyon boʻlayapti.

Ayni paytda litseyda tahsil olayotgan 400 ga yaqin oʻquvchilarning aksariyati bilimning ortidan quvib, uchtozlarining etagidan mahkam tutgan yoshlardan. Ularning koʻpchiligi taʼlimni davom ettirib, biror sohaning yetuk mutaxassisi boʻlishni maqsad qilgan. Buni oʻtgan yili litseyni tamomlagan 465 ta oʻquvchining 441 tasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilinganidan ham koʻrish mumkin.

Oʻquvchilarining muvaffaqiyatlarini koʻrgan insonlar Ortiqboy akadan buning sirini soʻraydi. U inson boʻlsa, kamtarlik bilan “hamma gap oʻqituvchilar jamoasining yaxshi tashkil qilinganida. Ularning koʻpchiligi dars berish bilan birga, ilm bilan shugʻullanadi. Kimyo fakultetida 10 ta oʻqituvchi boʻlsa, hammasi fan nomzodi, fan doktori. Biologiya fakultetida esa bu koʻrsatkich 70 foiz”, deb javob beradi. Haqiqatan, tabiiy fanlar yoʻnalishida litsey oʻqituvchilarining oʻziga xos maktabi, tajribasi shakllangan. Ular oʻz oʻquvchilaridan tashqari, respublikadagi boshqa maktab-litseylarda tahsil oladigan oʻgʻil-qizlarni ham fan olimpidalariga tayyorlaydi. Ortiqboy akaning oʻzlari ham kimyo fanidan Oʻzbekiston terma jamoasi rahbari boʻlish barobarida kimyo fani boʻyicha olimpiadada xalqaro hakamlar xayʼati aʼzosi sifatida ish olib boradi. Terma jamoa aʼzolariga tayyorlov jarayonlarida ustozlik qiladi.

— Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish oson emas, — dedi Ortiqboy Eshonqulov. — Yigit-qizlar bir necha bosqichdan iborat saralash imtixonlaridan oʻtgach, olimpiada uchun yana alohida tanlab olinadi. Boisi, bunday yirik tanlovlarda nihoyatda bilimli bolalar ishtirok etadi va biz yoshlarimizni shunga tayyorlashimiz kerak. Masalan, Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi nazariy va laboratoriya bosqichidan iborat boʻlib, birinchi kuni 75 betlik savolni oʻz ichiga oluvchi 8 ta masala beriladi. Ishtirokchi berilgan masalani 5 soatda bajarib boʻlishi kerak. Musobaqaning ikkinchi kuni oʻquvchilar 15 ta masala ichidan 5 tasini tanlab olib, unga javob yozadi. Uchinchi kuni esa laboratoriya sharoitida berilgan topshiriqni bajarish talab etiladi. Quvonarli jihati, bizning oʻquvchilarimiz mana shu masalalarni yecha olyapti. Avvallari, fan olimpiadalarida Xitoy, Yaponiya, Rossiya va boshqa qator davlatlar vakillari koʻproq gʻoliblikka erishgan boʻlsa, bugungi kunda ular orasida har gal Oʻzbekistonning ham nomi yangrayotgani juda katta hodisa.

Koʻpchilik uchun odatiy holdek tuyulgan bu gʻalabalar ortida haqiqatan katta mehnat, sabr va mashaqqat yotibdi. Oʻquvchilari 2013-yilda Rossiyada boʻlib oʻtgan 45-Jahon kimyo olimpiadasida birinchi bor oltin medalni qoʻlga kiritganida, beixtiyor koʻzlariga yosh olgan Ortiqboy aka bugun shogirdlarining har biri bilan faxrlanadi. Ularning quvonchlariga ham, qiyinchiliklariga ham teng sherik boʻlib, doim qoʻllab-quvvatlaydi. Hatto, oʻzining ilmiy salohiyati, bilimi bilan yurtimiz bayrogʻini jahon maydonida baland koʻtargan, medal bilan birga Oʻzbekiston nomini koʻksiga osgan yoshlarning muvaffaqyaitlarini katta albomga muxrlab kelmoqda. Oʻtgan yili Fransiyada boʻlib oʻtgan Xalqaro 51-kimyo olimpiadasida bu albomni koʻrgan hakamlar xayʼati raisining oʻrinbosarlari Ortiqboy akaning yoniga kelib, oʻquvchilari erishayotgan yutuqlar bilan shaxsan qutlashgani, hamon yodidan chiqmaydi. Ulardan biri Dok Van Lining “Bu litsey nafaqat Oʻzbekistonda, balki jahonda yagona. Necha yillardan beri olimpiadada xayʼat aʼzosi boʻlib, hatto, bir bor boʻlsada oltin medal olmagan davlatlarni koʻrdik. Sizlar boʻlsa, oʻn yildan beri qatnashib, har gal oltin medal bilan qaytasizlar”, degan eʼtirofi uning qalbini togʻdek koʻtarib, koʻksini faxrga toʻldirgandi. Oʻquvchilari ana shunday tanlovlarda vatan sharafini himoya qilib, yurtimizga boshini baland koʻtarib qaytishida oʻz bilim, kuch va mehnatini ayamayotgan Ortiqboy Eshonqulovning koʻksiga 2008-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni osilgan edi. Bu yil boʻlsa, sharafli kasb egasi “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” degan yuksak unvon bilan taqdirlandi.

— Avvallari, xalqaro fan olimpiadalarida 4 ta oʻquvchim ishtirok etsa, shundan 1 yoki 2 tasi sovrindorlar safidan joy olardi. Bu borada faol davlatlar tajribasini oʻrganganimda, ular bolalarni biz kabi olimpiadadan bir yil oldin emas, balki maktab davridayoq tayyorlay boshlashiga guvoh boʻldim va bu tajribani oʻzimizda ham qoʻllay boshladim, — dedi Ortiqboy aka. — Maktab davrida shu fanlarga qiziqqan bola, albatta, yuqori natijalarni qayd etadi. Bundan tashqari, oʻquvchilar matematika, chet tillarini ham bilishi lozim. Xalqaro musobaqalarda masalalar oʻzbek tiliga tarjima qilinsada, baribir oʻzidek chiqmaydi. Tilni biladigan bola esa ularni tezroq tushunib oladi.

Ortiqboy aka bolalarga bilim berishda litsey dasturlari bilan cheklanib qolmaydi. Har yili Rossiya, Xitoy, Yaponiya va boshqa davlatlardan kimyo hamda biologiya fanlarining yetuk olimlari, mutaxassislarini taklif etib, oʻquvchilar uchun bir necha kunlik seminar, mahorat darslari tashkil etadi. U oʻzining bu tajribasini boshqa mamlakatlar elchilariga aytganida, ular ham oʻzlarida qoʻllay boshlaganiga koʻp bor guvoh boʻlgan. Pedagog litsey qoshida xuddi Buxorodagi Qorakoʻl maktabidagi singari mehmonxonalar qurilishini orzu qiladi. Shunda xorijlik mutaxassislarni tez-tez, koʻproq muddatga taklif qilishning imkoni boʻlardi.

Joriy yilning 1-oktyabr sanasida Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan Prezidentimiz boshchiligida oʻtgan bayram uchrashuvida litsey oʻqituvchisi Laziz Zaylobov soʻzga chiqib, mazkur taʼlim dargohini yana-da rivojlantirish, tabiiy fanlarga qiziquvchi yoshlarga kengroq bilim berish boʻyicha oʻz takliflarini bildirgan edi. U minbardan turib, “agar zamonaviy laboratoriyamiz boʻlganida, bronza medallar kumushga, kumush medallar oltinga aylanishi mumkin edi”, deganida, davlatimiz rahbari Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyida jahon talablariga mos laboratoriya qurish boʻyicha alohida topshiriq berdi.

Bugun yurtimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylangan davrda bilimli, har tomonlama ilgʻor, jahon maydonida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qila oladigan yoshlarni tayyorlashga hissa qoʻshayotgan ana shunday taʼlim muassalari tajribasini oʻrganish har qachongidanda muhim. Bu yerda tahsil olayotgan iqtidorli, oʻzining yuksak bilim va salohiyati bilan davlatimiz ramzi boʻlgan — Oʻzbekiston bayrogʻini dunyo uzra baland koʻtarayotgan yoshlar bilan har qancha faxrlansak kam.

Ulashing | Поделись этим: