Internatlardagi bolalar sonini qisqartirish – muhim vazifa - Dono.uz

Internatlardagi bolalar sonini qisqartirish – muhim vazifa

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 fevraldagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bolaning mehribon va gʻamxoʻr toʻliq oila sharoitida oʻsish huquqini taʼminlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Poytaxtimizda mazkur hujjat ijrosini taʼminlash maqsadida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda BMT Bolalar jamgʻarmasi (YUNISЕF)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan oʻtkazilgan “Bolalarga gʻamxoʻrlik qilish va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sohasi xodimlari faoliyatini takomillashtirish” mavzuidagi davra suhbatida bolalar parvarishi islohotlariga aloqador vazirliklar va tashkilotlar mutasaddi vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro ekspertlarning fikrlariga koʻra, internat shaklidagi muassasalardagi bolalar sonini qisqartirish juda muhim. Bunga erishish uchun esa ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand oilalarga yordam berish lozim. Mamlakatimizdagi ana shunday oilalarning 70 foizdan ortigʻiga ijtimoiy yordam koʻrsatish imkoniyati mavjud ekan.
– Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi har 100 ming bolaning 666 nafari, Oʻzbekistonda esa 200 nafardan koʻprogʻi internat shaklidagi muassasalarda tarbiyalanmoqda, – dedi BMT Bolalar jamgʻarmasi (YUNISЕF)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. – Oʻzbekistondagi bunday koʻrsatkich mintaqadagidan past boʻlsa-da, bu muammolar eʼtibordan chetda qolishi mumkin emas…
– Ijtimoiy yetimlikka qarshi birgalikda kurashmogʻimiz zarur, – dedi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Dilorom Toshmuhamedova. – Bu masalaga davlatimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda. Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida Mehribonlik uylarida tarbiya koʻrayotgan yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar soni kamayishiga erishilmoqda. Bolalarni oilalarga joylashtirish va oila tomonidan qabul qilinishi (patronat)ni taʼminlash, bolalarni mustaqil hayotga tayyorlashning qulay shart-sharoitlarini yaratish borasida keng koʻlamli ishlar qilinmoqda. Yetim va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar ham xuddi boshqa bolalardek toʻliq oilada tarbiya koʻrishga va himoyalanishga haqli. Ana shularni koʻzda tutuvchi yuqorida keltirilgan Prezident qarorining eʼtiborga molik jihati ham shunda.
Mohigul Qosimova, OʻzA
Free WordPress Themes