Eng yaxshi bolalar qahramoni va qahramonlar guruhi aniqlandi - Dono.uz

Eng yaxshi bolalar qahramoni va qahramonlar guruhi aniqlandi

4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida o‘tkazilgan “Eng yaxshi bolalar qahramoni/qahramonlar guruhi” ko‘rik-tanlovi yakunlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tanlov maktabgacha ta’lim materiallarini o‘rgatuvlar uchun eng yaxshi bolalar qahramonini yaratish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, unga 270 nafar ijodkordan mingdan ziyod ish kelib tushgan.

Asarlarning 17 tasi ko‘rik-tanlovning yakuniy – final bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan. Finalchilarning 10 nafari onlayn ovoz berish yo‘li bilan saralangan bo‘lsa, qolgan 7 nafari tashkilotchilar tomonidan tanlab olingan.

Final bosqichida ishtirokchilarning ishlarini Maktabgacha ta’lim vazirligi mutasaddilari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutaxassislari, taniqli san’atkorlar, dizaynerlar hamda blogerlar baholab bordi.

Hakamlar hay’ati baholariga asosan, birinchi o‘rin 172 ball to‘plagan Tohir Islomovga nasib etdi. Uning “Buyuk bolakaylar” personaji eng yaxshi ish deb topildi va muallif tashkilotchilar tomonidan 10 million so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

Ikkinchi o‘rinni Xurshid Tursunboyev egalladi. U yaratgan “Tursunboy va Qo‘chqorvoy” personaji hakamlar tomonidan 152 ballga loyiq ko‘rildi. Muallifga tashkilotchilar tomonidan 6 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

Uchinchi o‘rin Leyla Mo‘minovaga nasib etdi. Uning “Anora” personaji 145 ball to‘plab, 4 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Natijalar tez kunlarda Maktabgacha ta’lim vazirligining www.mdo.uz saytida e’lon qilinadi.

Free WordPress Themes