Farg‘onada Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari ishtirokida xalqaro yoshlar festivali o‘tkaziladi - Dono.uz

Farg‘onada Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari ishtirokida xalqaro yoshlar festivali o‘tkaziladi

Farg‘ona shahrida joriy yilning 11—12-mart kunlari Tojikistonning So‘g‘d viloyati hamda Qirg‘izistonning O‘sh, Jalolobod, Botken viloyatlari vakillari ishtirokida xalqaro yoshlar festivali bo‘lib o‘tadi.

Festivalda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalarining chegaradosh hududlaridagi davlat boshqaruv organlari, yoshlar tashkilotlari, milliy-madaniy markazlar, huquqni muhofaza qilish idoralari, diniy soha vakillari, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash yo‘nalishida ilmiy-amaliy tajribaga ega mutaxassislar, talaba-yoshlardan iborat 200 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

Xalqaro yoshlar festivalida “Markaziy Osiyo mintaqasida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning dolzarb masalalari” mavzusida o‘quv seminari hamda “Biz kelajakni birgalikda bunyod etamiz” shiori ostida yosh olimlarning innovatsion g‘oyalari, tadbirkor va hunarmand yoshlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Festival ishtirokchilaridan iborat jamoalar o‘rtasida “Do‘stlik” kubogi uchun mini-futbol, voleybol, stol tennisi bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.

“Istiqlol” stadionida festival ishtirokchilari va 20 mingdan ortiq yoshlar uchun konsert dasturi namoyish etiladi. Tadbir ishtirokchilarini Farg‘onaning turistik salohiyati va tarixiy obidalari bilan tanishtirish maqsadida viloyatning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtiriladi.

Free WordPress Themes