Sumalakning tarixini bilamizmi? - Dono.uz

Sumalakning tarixini bilamizmi?

«Yilboshi» ma’nosini anglatuvchi «navro‘z» atamasi xalqimiz uchun juda qadrli va bu tushuncha tilimiz hamda dilimizga singib ketgan. Uni ta’riflashga hech qanday zarurat yo‘q. Uning azaliy ramzi «sumalak» so‘zi borasida bunday deb bo‘lmaydi. Holbuki, navro‘zni sumalaksiz tasavvur qilish qiyin. Bu so‘z qanday ma’noni anglatadi? Manbalar va adabiyotlarda bu taom haqida ma’lumotlar bormi? Turkiy, arabiy, forsiy, rus, hindiy va sanskrit tillaridagi lug‘atlar, turli tadqiqotlar vositasida sumalak taomining biz bilmagan tarixi ma’lum bo‘ldi.

Och qolgan ayol va bolalari haqidagi «yolg‘on» afsona

Bu taomning nomi «sumalak», «sumelek», «sumalyak» (turkiy), «samanu» (forsiy) kabi yana bir nechta shakllarda uchraydi. Forsiy lug‘atlarda «samanu – undirilgan bug‘doydan tayyorlangan ovqat turi» deya izohlangan. O‘zbek tilining izohli lug‘atida ham shunga o‘xshash «undirib yanchilgan bug‘doy va undan tayyorlanadigan holvaytarsimon ovqat» deyilgan.

Matbuotda, turkum maqolalar va tadqiqotlarda «sumalak» so‘zining kelib chiqishi to‘g‘risida asosan bir ayol va uning och qolgan bolalari to‘g‘risidagi hikoya so‘zlanadi. Ona och bolalarini ovutish uchun qozonga suv, uydagi oxirgi bir siqim bug‘doy va qo‘zg‘aganda tovush chiqib turishi uchun to‘rt-beshta tosh solib qaynatadi. Ochlik va bolalari qayg‘usidan toliqqan ona uxlab qoladi. Ertalab uyg‘onib, qozonda ajoyib ovqat qaynab turganini ko‘radi. Bolalariga buni «si malak» (o‘ttiz malak) pishirgan deya tushuntiradi. Aholi hozir sumalakni «malaklar pishirgan taom» sifatida taniydi. Balki bu rivoyatlarda jon bordir… Unda nega qish paytlari tom shiftida qatorlashib osilib turgan muzlarni ham sumalak deymiz? Ular bir-biriga sira o‘xshamaydi. Yoshligimizdan beri eshitib kelayotgan hikoyalarimiz rang-barang va qiziqarli bo‘lsa-da, ularda yana nimadir yetishmayapti. Bu yerda haqiqiy tarix bilan aloqador nimadir qolib ketayapti. O‘tmish bilan bizning o‘rtamizda aniq uzilish bor. Bugunning afsonalaridan chiqib, «sumalak»ni qidirib, o‘tmishga kirishga urinib ko‘ramiz. Ko‘raylik-chi, nimalarga duch kelarkanmiz.

O‘stirilgan bug‘doy.

Ming yil oldingi izoh

«Sumalak» atamasi tarkibidagi «malak» biz o‘qigan yo eshitgan hikoyalardagi arabiy «malak» (farishta) va «su» forsiy «se» (uch) yoki «si» (o‘ttiz) so‘zlari bilan hech qanday aloqasi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. «Sumalak» sof turkiy (o‘zbekcha) so‘z bo‘lib chiqdi. Muz sumalak bilan qozondagi qaynoq taomning ham o‘xshash sifatlari bor ekan.

Muammo yechimi Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘atit turk» kitobidan topildi. Asarning III jildida «suma» so‘ziga: «Ivitilgan bug‘doy nomi. U quritilib, tuyiladi. So‘ng undan ugra osh va non tayyorlanadi. Sharbat olish maqsadida undirilgan arpa uchun ham shu so‘z qo‘llanadi», – deb juda tushunarli izoh berilgan.

«Suma» so‘zi mustaqil ma’no anglatuvchi ikkita: «suv» va «man» (don) so‘zining birikuvidan tashkil topgan ekan («Tegirmon» so‘ziga solishtirib ko‘ring: «tugar» + «man», donni tugib, tuyib un qiluvchi). «Suma» sumalakning ilk shakli edi.

Qishda qor suvi erib tom shiftida paydo bo‘ladigan muz «sumalak» esa «suv» va «bulamak», «bulamaq», «bulatmaq» so‘zlari qo‘shiluvidan shakllangan.

Suv solinib, olov yoqilgan.

Hindlar ham sumalak ichishgan
Mahmud Koshg‘ariy izohidan so‘ng biz gapirmoqchi bo‘lgan kitobning nomini tarjima qilishga ham hojat qolmadi. Uni dunyo ilm ahli «Somaveda» nomi bilan juda yaxshi taniydi. Hozirgacha olimlar sanskritdagi «soma» so‘zini «siqmoq», «ezmoq» fe’lidan olingan deb taxmin qiladi. Lekin «soma» so‘zi hindiy adabiyotlarda ichimlik va ko‘kdagi oy nomini anglatadi xolos. Qariyb barcha tarjimonlar negadir «soma»ni mast qiluvchi sharbat deb hisoblaydi. Hozirgacha mutaxassislar «soma» tayyorlanadigan giyoh nomini axtarishadi, turli farazlarni bildirishadi. Hatto «soma»ni o‘simlik nomi deyishadi. Mahmud Koshg‘ariy esa «soma» suv va bug‘doy(arpa ham) ekanini yozadi.

Tayyor bo‘lgan sumalak.

O‘zimizning sumalakka qaytamiz

Sumalak bir kecha qaynadi, pishdi, dam yedi, tayyor bo‘ldi. Endi qozondan yopinchiq olinadi va sumalak yuziga qaraladi. Bu ishni hamisha ko‘pni ko‘rgan qariyalar bajaradi. Uning yuzidagi shakllarga qarab, kirayotgan yilning qanday kelishi, ob-havo, dehqonchilik, chorvachilik ahvoli, yurt tinchligi, obodligi to‘g‘risida bilishga urinishadi.

Shiddat bilan o‘tib borayotgan yillar e’tiborimizdan chetda qolayotgan, bizga ahamiyatsizdek tuyulgan ayrim qadriyatlarimizni o‘zi bilan olib ketaveradi.

Lekin e’tibor bering – sumalak o‘z nomini o‘zi aytadigan taomdir. Uning ismini boshqa izohlar uning o‘zichalik aniq ifodalay olmaydi. «Sumalak» to‘rt unsurning qo‘shiluvidan tayyorlanadi: suv, havo (shamol), tuproq, olov.

Yoqimli ishtaha

Ushbu maqola Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarixchi olim Abdusattor Jumanazarning sumalak va navro‘z haqidagi turkum maqolalari asosida tayyorlandi.

Free WordPress Themes