Keniyalik qishloq o‘qituvchisi "dunyoning eng yaxshi muallimi" deb topildi, unga 1 mln dollar berildi - Dono.uz

Keniyalik qishloq o‘qituvchisi «dunyoning eng yaxshi muallimi» deb topildi, unga 1 mln dollar berildi

Keniyaning olis Pvachi qishlog‘ida kambag‘allar maktabida tabiiy fanlar va matematikadan dars beruvchi Peter Tabichi dunyodagi eng yaxshi o‘qituvchi deb topildi. Unga Dubayda bir million AQSH dollari miqdorida mukofot berildi.

Peter Tabichi ta’lim bergan bolalar garchi Keniyaning eng qashshoq hududidagi e’tibordan chetda qolgan maktabda o‘qishsa-da, mamlakat miqyosidagi fan olimpiadalarida birinchi o‘rinni olishgan.

«Tabichining mehnati, ixlosi va o‘quvchilariga bo‘lgan ishonchi uning shogirdlari tabiiy fanlar musobaqasida Keniyaning eng sara maktablarining o‘quvchilaridan ham o‘tib ketishiga sabab bo‘lgan», – deyiladi mukofotga homiylik qilgan Dubaydagi “Varkey fondi”ning axborotida.

Rohib-o‘qituvchi bo‘lgan Peter Tabichi oylik maoshining 80 foizini kambag‘al o‘quvchilarga taqsimlab berib kelgan.

  • Maktab joylashgan hudud chala sug‘oriladigan, qurg‘oqchil bo‘lib, tez-tez ocharchilik bo‘lib turadi.
  • Maktab o‘quvchilarining 95 foizi qashshoq oilalar farzandlari, uchdan biri butkul yoki chala yetim.
  • Maktabda giyohvandlik, voyaga yetmaganlar homiladorligi va nikohi, maktabni erta tashlash, suitsid keng tarqalgan.
  • Ayrim bolalar yog‘ingarchilik mavsumida yurish og‘ir bo‘lgan 7 km yo‘lni piyoda bosib maktabga boradi.
  • Maktabda har bir o‘qituvchiga 58 o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Bor-yo‘g‘i bitta kompyuter bor, internet sust ishlaydi. Shunday bo‘lsa-da, Tabichi darslarining 80 foizida kompyuterdan foydalangan.
Free WordPress Themes