Milliy qadriyat va anʼanalar namoyishi - Dono.uz

Milliy qadriyat va anʼanalar namoyishi

Boysun tumanidagi Padang qishlogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilayotgan “Boysun bahori” ochiq folklor festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosini taʼminlashga joylarda alohida eʼtibor qaratilayotganida chuqur maʼno mujassam. Zero, yoshlarning adabiyot, musiqa, tasviriy, amaliy hamda boshqa sanʼat turlariga qiziqishini oshirish, isteʼdodini yuzaga chiqarish ularning vatanparvarlik tuygʻusini, ajdodlardan qolgan boy merosga hurmat hissini yuksaltirishda muhim omil boʻlmoqda.
“Boysun bahori” ochiq folklor festivali ham oʻtmishdan meros boʻlib qolgan milliy qadriyatlarimizni tiklash, qadimiy merosimiz, xususan, xalq ijodi anʼanalarini himoya qilib, asrab-avaylash va xalqaro miqyosda keng targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Sohaga qaratilayotgan alohida eʼtibor ming yillardan buyon ajdodlarimiz qalb qoʻrida saqlab, rivojlantirib kelgan xalq amaliy sanʼati, xalq ogʻzaki ijodi singari nomoddiy madaniy meros durdonalarining hayotdan mustahkam oʻrin egallashiga xizmat qilayotgani quvonarlidir, – deydi Termiz davlat universiteti rektori, senator A.Toshqulov. – Bu jarayonda “Boysun bahori” ochiq folklor festivalining qayta tashkil etilgani ham ayni muddao boʻldi. Padangdagi goʻzal tabiat qoʻyniga yurtimizning turli hududlaridan aholi, ayniqsa yoshlar katta qiziqish bilan kelayotganini kuzatib, navqiron avlod ongu shuuriga milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz mustahkam oʻrnashayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Bundan har qancha faxrlansak, quvonsak arziydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 yanvardagi “Surxondaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida anʼanaviy oʻtkazilayotgan mazkur festival betakror va boy madaniy merosimizni bor boʻy-basti bilan keng namoyon etmoqda. Xalqimizning oʻzligini yanada chuqur anglab, fahr-iftihor tuygʻusini yuksaltirishga koʻmaklashayotir. Festival bahonasida oʻzining moddiy va nomoddiy madaniy merosi, goʻzal tabiati, insoniyatning ilk manzilgohi, noyob qadriyatlar beshigi sifatida jahonga tanilgan Boysun nafaqat yurtdoshlarimizni balki, xorijliklarni ham oʻz bagʻriga chorlamoqda.
Festivalni jahonning turli mamlakatlaridan kelgan ommaviy axborot vositalari vakillari keng yoritmoqda.
— Maftunkor, soʻlim goʻshaning betakror tabiat manzaralariga hamohang milliy qadriyatlarini koʻrib, juda hayratlandik,— deydi Turkiyaning Belgesel telekanali bosh rejissyori Z.Subashi.—Xalqingizning ajdodlardan meros qolgan nafis sanʼati, noyob asori-atiqalari boy taassurot uygʻotmoqda. Dunyoning boshqa joylarida uchramaydigan bu festival xalq amaliy sanʼati, xalq ogʻzaki ijodi kabi nomoddiy madaniy meros durdonalarini, xalq oʻyinlarini oʻzida mujassam etgani bilan bizga juda manzur boʻlmoqda. Mayin yogʻingarchiliklarga qaramay festivalga toʻda-toʻda boʻlib kelayotgan odamlar purviqor togʻ qoʻynida namoyish etilayotgan noyob moʻjizalardan quvonchini yashirolmayotir. Festivaldan olgan lavhalarimizni keng namoyish etamiz. Albatta, bu Oʻzbekistonga turkiyalik sayyohlar qiziqishini yanada oshiradi.
Joriy yilgi festivalda respublika va xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etib kelayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasining “Afsona”, Toshkent shahrining “Buvijonlarim”, Namangan viloyatining “Yallama-yorim”, Samarqand viloyatining “Chinor”, Xorazm viloyatining “ Mashʼal ”, Qashqadaryo viloyatining “Zanjir saroyi”, Surxondaryo viloyatidagi “Boysun”, Toshkent viloyatining “Toʻrgʻay”, Jizzax viloyatidagi “Gashtak”, Buxoro viloyatining “Saxro sabolari”,Sirdaryo viloyatining “Sayxun yigitlari”, Andijon viloyatining “Sayqal”, Fargʻona viloyatining “Shodiyona”, Navoiy viloyatining “Yor-yor” folklor-etnografik jamoalarining 200 dan ortiq vakili ishtirok etmoqda.
Tantanali marosimda folklor-etnografik jamoalar va el suygan mashhur sanʼatkorlar, estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.
Xolmoʻmin Mamatrayimov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat), OʻzA
Free WordPress Themes