Karimov fondi “Oʻzbekiston. Madaniyat durdonalarini boʻyash orqali oʻrganish” nomli noyob kitob chop etdi - Dono.uz

Karimov fondi “Oʻzbekiston. Madaniyat durdonalarini boʻyash orqali oʻrganish” nomli noyob kitob chop etdi

Karimov Fondi tomonidan Yevropaning “Nouveau Monde Editions” (Fransiya) va “Pen and Sword Books” (Buyuk Britaniya) nashriyot uylari bilan hamkorlikda “Uzbekistan. An experience of cultural treasures to colour” (“Oʻzbekiston. Madaniyat durdonalarini boʻyash orqali oʻrganish”) nomli noyob kitob chop etildi.

Ingliz va fransuz tillarida chop etilgan kitobdan koʻzlangan maqsad oʻyin shaklidagi boʻyash mashgʻulotlari orqali zamondoshlarimizni oʻzbek xalqining boy madaniy merosi – muhtasham tarixiy yodgorliklar, devoriy naqshu nigorlar va koshinlarning betakror goʻzalligi, murakkab handasaviy shakllar, shuningdek, gilamdoʻzlik, kashtadoʻzlik hamda kulolchilik sanʼatining nafis namunalari, oʻtmish va bugungi kun rassomlarining ijodiy ishlari bilan tanishtirishdan iboratdir.

“4 yil ilgari menda chet ellik doʻstlarim va tanishlarimga Vatanimning boy madaniyati, koʻhna yodgorliklari, amaliy va tasviriy sanʼati haqida hikoya qiluvchi interaktiv kitob yaratish niyati tugʻildi. Bu – turli davlatlarda yashovchi yoshu qari, turli kasb-kor vakillarida qiziqish uygʻota oluvchi kitob deyilsa mubolagʻa boʻlmaydi. Mazmun-mohiyati va noshirlik sanʼati jihatidan oʻxshashi yoʻq bu kitob tarixchi, rassom, dizayner, tarjimon  va muharrir kabi koʻp sonli ijodkorlarning toʻrt yillik mehnati mahsuli sanaladi. Ushbu kitob Karimov Fondi noshirlik faoliyatining durdonalaridan biri boʻldi”, – deya taʼkiladi Karimov Fondi rahbari Lola Karimova-Tillyayeva kitobning chop etilishi haqida gapirar ekan.

Kitobning har bir qoʻshsahifasi chap tarafida madaniy obyektning surati va uning tarixiy ahamiyati xususida qisqa maʼlumot beriladi, oʻng tarafdagi chizmani boʻyash orqali esa oʻquvchi oʻsha obida timsolini jonlantirish imkoniga ega boʻladi.

Mazkur nashrni AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya, Shveysariya kabi davlatlar, shuningdek, Yaqin Sharq va Osiyo mintaqasida joylashgan bir qator mamlakatlardagi kitob doʻkonlarida xarid qilish mumkin boʻladi.

Kitob “Amazon” va boshqa internet saytlarda ham sotuvga chiqqan.

Favqulodda badiiy qudratga ega boʻlgan Oʻzbekiston sanʼati asrlar davomida dunyoga chinakam ijodiy durdonalarni tuhfa etib keldi. Oʻzbekiston xalqlarining shaharsozlik, meʼmorchilik hamda xunarmandchilik sohasidagi yutuqlari dunyoda tan olinib, butunjahon insoniyat merosining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Oʻzbekiston zamini savdo karvonlari orqali kelgan koʻplab millatu elatlarning madaniy qadriyatlari va anʼanalari ila oziqlangan. Shu tariqa ushbu zaminda haligacha insoniyatni hayratga solib kelayotgan noyob madaniyat, boy tarixiy meros shakllangan.

Oʻquvchilarni Oʻzbekiston sanʼati namunalari bilan qiziqarli va noyob tarzda tanishtirishda loyiha mualliflarini ilhomlantirgan narsa ham shu boʻldi.

Free WordPress Themes