Nano-adabiyot bizga kerakmi? - Dono.uz

Nano-adabiyot bizga kerakmi?

Axborot texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanishi, kishilar ongu tafakkuridagi yangilanishlar va hayot ritmining tezlashishi adabiyotda ham o‘z aksini topmoqda. Natijada esa qarashlarda, ijod mahsullarida ham keskin o‘zgarishlar, yangilanishlar kuzatilmoqda. Hatto mitti asarlarni ham o‘qiy boshladik. O‘zA muxbiriga ayni yo‘nalishda ilmiy ishlar olib borayotgan yosh olima, tadqiqotchi, adabiyotshunos Ma’suma OBIDJONOVA bu haqda quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Endi o‘quvchini maishiy muammolar va kundalik hayot tasviridan ko‘ra, tafakkur prizmasidan o‘tgan qalb kechinmalari ustomonlik bilan badiiyat namunasiga aylanishi ko‘proq o‘ziga tortmoqda. Bugungi zamon kitobxoni o‘zi sevgan asarni istagan joyida, istagan vaqtida qo‘lida mitti aqlli vositalar yordamida mutolaa qilaveradi. Biroq vaqt va sharoit borasidagi ehtiyojlar zamonaviy prozaning tobora ixchamlashishini taqazo qiladi. Mana shunday hodisalar natijasi o‘laroq butun dunyoda nano-adabiyot tushunchasi paydo bo‘ldi. Bu yirik janrlarning hajman kichrayib borishi, umumbashariy muammolarni sanoqli so‘zlar yordamida ifodalashni va muallifdan yuksak mahoratni talab etmoqda. Bu hodisa yozuvchilar so‘z boyligining kamayishiga emas, aksincha ularning har bir so‘z qadrini qalban his qilib, mulohazakorlik bilan so‘z tanlashga majbur qiladi. Jumladan, o‘zbek adabiyotida allaqachon mini-roman yaratildi va kitobxonlar va adabiy jamaoatchilik tomonidan ko‘p bor tahlilga tortildi; milliy adabiyotimizda mitti hikoyalar (drabbllar) yozish bo‘yicha ham ma’lum darajada tajriba to‘plandi va bunday asarlar kitob holida chop etildi.
Hozirgi davrda, o‘zaro ta’sirlanish muhitida jahon adabiy jarayoni va muayyan adabiyotning milliy o‘ziga xosligini janr poetikasi taraqqiyoti nuqtai nazaridan umumiy qonuniyatlarini aniqlash zamonaviy jahon komparativistikasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Madaniyat va adabiyotning umumiy qonuniyatlarini o‘zida aks ettiruvchi zamonaviy o‘zbek va ingliz adabiyotidagi mitti hikoyalar (drabbllar)ning rivojini janr sifatida ilmiy tahlilga tortish jahon adabiyotining harakatlanish mantig‘ini tushunishimizga yordam beradi. Mitti asar (flash fiction) – bu hajman juda qisqa badiiy asar bo‘lib, mo‘jaz bo‘lsa-da qahramonlar va voqealar ketma-ketligini o‘zida mujassam etadi.
U 280 belgilik hikoya bo‘lishi mumkin. Bu aynan “Twitter” ijtimoy tarmog‘iga joylash mumkin bo‘lgan maksimal belgilar miqdoriga teng. “Tvit-asar” (“Twitterature”), «dribbl» – 50 ta so‘zdan iborat mini-hikoya, «drabbl» – 100 so‘zdan oshmaydigan hikoya va 750 so‘zdan oshmaydigan “favqulodda asar” (sudden fiction) va 1000 so‘zdan oshmaydigan “mikro-hikoya” (micro-story). Bu hodisa, asosan, adabiy bahslarning ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chishi, ijodkorlarning aynan ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi bilan belgilanadi. Hozirgi kunda ijodkorlarning katta qismi va ularning muxlislari ijtimoiy tarmoqlar orqali sevimli yozuvchisining eng so‘nggi asarlarini o‘qishi va ularga bevosita munosabat bildirishi, izoh qoldirishi mumkin. Bu jarayon ko‘pgina g‘arb mamlakatlarida “Twitter” ijtimoiy tarmog‘ida ro‘y berayotgan bo‘lsa, bizning mintaqada “Facebook” tarmog‘i ommalashgan va bir qator ijodkorlar, adabiy tanqidchilar shu tarmoqdan foydalanadi.
O‘z-o‘zidan ijtimoiy tarmoqda kiritilishi mumkin bo‘lgan belgilar sonining chegaralangani ijodkorlarning imkon qadar qisqa asarlar yaratishlariga sabab bo‘lmoqda. Jahonning bir guruh sotsiolog, psixolog va adabiyotshunos olimlari mitti hikoyalarga ta’rif berishar ekan, bunday asar talabalari qatoriga “kompyuter ekranidan o‘qiyotganda vertikal aylantirishni talab qilmaydigan cheklangan sonli so‘zlarga ega bo‘lishi” zarurligini ham kiritib o‘tadi.
Mitti hikoya cheklangan miqdordagi so‘zlardan tashkil topgan matndir. Ularni badiiy matnning hikoyanavislikdan epifonik modelga o‘tishi deb hisoblash mumkin. Chunki hajm omili makrostrukturani yaratish va individual mualliflik konsepsiyasini yaratishga ta’sir ko‘rsata olmaydi. Mutaxassislar fikricha, mitti prozaning badiiy qimmati matn boshi va oxiridagi ma’no «portlashlari» bilan bevosita bog‘liq. Mitti hikoya zamonaviy davrga xos bo‘lib, tezlik borliqni belgilab berayotgani bilan aloqadordir.
Asarning hajmi qanchalik qisqa bo‘lsa, uning ma’no ko‘lami shuncha keng bo‘ladi. O‘zbek
adabiyoti jahon adabiyotining bir uzvi sifatida milliy an’analari bilan yondosh tarzda zamonaviy adabiy jarayonning ijobiy yangiliklarini ham qamrab olishi tabiiy. Nano-adabiyot katta adabiyotning rivojiga daxl qilmagan holda rivojlanmoqda. Dunyo kitob marketingida Tolstoyning «Urush va tinchlik» epopeyasi yoki Markes asarlari hamon juda ko‘p nusxada chop etilmoqda. Yirik hajmli asarlarning ham o‘z kitobxonlari bor, nano-adabiyotning ham muxlislari bisyor. Shunday ekan kichik hajmli asarlarning ham milliy adabiyotimizda o‘zining o‘rni bo‘lishi shubhasizdir.
Bu janr ko‘pchilikni qiziqtiradi. Ammo uning rivojlanishi adabiyotga qanday ta’sir etadi? Yosh yozuvchilar bu janrda ijod qilish uchun jahon adabiyoti namunalaridan qanday foydalanyapti?
Bu haqda keyingi munosabatlarda batafsil yoritamiz.
Barno Meliqulova, O‘zA
Free WordPress Themes