Prezident maktablariga hujjatlarning onlayn qabuli 1-iyun kunidan boshlanadi - Dono.uz

Prezident maktablariga hujjatlarning onlayn qabuli 1-iyun kunidan boshlanadi

Joriy yilning 1-22-iyun kunlari Toshkent, Namangan, Nukus va Xivadagi Prezident maktablarida hujjatlarni qabul jarayoni bo‘lib o‘tadi. Mazkur ma’lumot Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2019-yil 27-mayda e’lon qilindi. 

Prezident maktablari yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 20-fevraldagi «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qaroriga asosan tashkil etilib, mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni o‘qitish tizimini yaratish hamda kelgusida ularda rahbarlik va yetakchilik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Birinchi Prezident maktablari 2019-2020-o‘quv yilida Toshkent, Namangan, Nukus va Xivada ishga tushiriladi. Dastlab, Prezident maktablarini cheklangan miqdorda tashkil etilishi mazkur muassasalarni boshqarishning butunlay yangi modelini sinovdan o‘tkazish bilan bog‘liqdir. Ushbu sinov muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng, kerakli xulosalarni olib 2020-2021-yillarda Prezident maktablari respublikamizning boshqa barcha viloyatlarida tashkil etiladi. Shu bilan birga, maktablarni boshqarishda Kembrij dasturining ijobiy tajribasi va uni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganadigan mahalliy ekspertlar guruhi tuziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Prezident maktablari yurtimizda ta’lim sifatini oshiruvchi lokomotiv shakllantiriladi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bu haqda shunday deydi:

— Xalq ta’limi vazirligi Prezident maktabiga nomzodlarni saralashda barchaga teng sharoit yaratish uchun harakat qilmoqda. Kembrij Universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon Kengashi Prezident maktablari uchun tanlov jarayonini nazorat qiladi. Mazkur tashkilot butun dunyoda o‘tkazadigan imtihonlari jarayonida adolat va shaffoflikni ta’minlaydi. Albatta, barcha ota-onalar farzandlarini Prezident maktablarida bilim olishini xohlashadi. Lekin eng iste’dodli o‘quvchilargina bunday imkoniyatga ega bo‘lishadi. Cambridge Assessment International Education mutaxassislari bolaning ota-onasi yoki ularning moddiy imkoniyati haqida ma’lumotlarga ega bo‘lmaydi. Ingliz kompaniyasi uchun o‘g‘il-qizlar iste’dodi, tanqidiy va mantiqiy fikrlash darajasi baholashning asosiy mezon hisoblanadi.

Nomzodlarga qo‘yilgan talablar:

Prezident maktablariga hujjatlar 2019-yilning 1-iyunidan 22-iyunigacha topshiriladi.  Joriy yilda Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentdagi Prezident maktablariga o‘quvchilar 5-10-sinflariga, kelgusi yillardan boshlab esa 5-sinfga qabul qilinadi.

Nomzodlar tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, 2018-2019-o‘quv yilidagi tabelining asl nusxasi va nusxasi hamda ta’lim olayotgan maktabidan belgilangan shakldagi ma’lumotnomani taqdim etishi kerak.

Arizachilar ichidan eng maqbulini saralash va arizachilar sonini maqbullashtirish maqsadida hujjat topshirish uchun STEM yo‘nalishi bo‘yicha fanlardan a’lo baho olish talabi joriy e’tiladi. Ya’ni, 4-sinf bitiruvchilari matematika va tabiatshunoslik kabi fanlardan baholari 5 «a’lo» bo‘lishi kerak. Shuningdek, 5-sinf bitiruvchilari matematika faniga qo‘shimcha tarzda biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari, shu bilan birga 6-sinf bitiruvchilari ham matematika faniga qo‘shimcha biologiya, informatika va axborot texnologiyalari, fizika fanlaridan baholari a’lo bo‘lishi talab etiladi.

7-9-sinflarni bitirgan o‘quvchilar algebra, geometriya, informatika va axborot texnologiyalari, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha baholari 5 «a’lo» bo‘lsagina hujjat topshirishi mumkin.

Hujjatlarni topshirish faqat ariza beruvchining tahsil olayotgan hududi bo‘yicha amalga oshiriladi. Arizachi o‘qiyotgan maktabning hududiy joylashuvi Prezident maktabi ochilayotgan hududga mos kelishi kerak. Boshqa viloyatlar maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilar 2020-2021-yillarda respublikamizning boshqa viloyatlarida tashkil etiladigan Prezident maktablariga hujjat topshirishi mumkin.

Hujjatlar qanday topshiriladi? 

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida nomzodlar Prezident maktablarining pm.xtv.uz. расмий saytiga hujjat topshirishlari mumkin. Onlayn qabul 21-iyun kuni soat 24: 00da yakunlanadi. Buning uchun hech qayerga borishning hojati yo‘q.

Bundan tashqari, internetdan foydalanish imkoniyati yo‘q ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent, Namangan, Nukus va Xivadagi qabul markazlarida ham hujjatlar qabul qilinadi. Hujjatlarni qabul qilish jarayoni 22 iyun kuni soat 17:00 da yakunlanadi. 17:00 dan boshlab hujjatlar qabul qilinmaydi va ko‘rib chiqilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, ishonchsiz ma’lumotlar taqdim etgan nomzod tanlovning istalgan bosqichida imtihondan chetlashtirilishi mumkin.

Prezident maktablarida imtihon o‘tkazish tartibi:

Imtihon jarayonlari Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentdagi Prezident maktablarida nomzodlar soniga ko‘ra bir necha bosqichda o‘tkazilishi mumkin. Agar ariza beruvchilar soni bir o‘rin uchun 20 kishidan oshsa, dastlabki imtihonlar matematika fani bo‘yicha o‘tkaziladi. Mazkur jarayonda matematika fanidan berilgan 20 ta testni yechishga bir soat vaqt ajratiladi.

Nomzodlar imtihonning asosiy bosqichida talabgorlar soni bir o‘ringa 20 nafardan oshmagan holda ishtirok etadi.

Imtihonlarning asosiy bosqichi axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha (16 ta masala), mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan (24 ta masala) hamda ingliz tili (55 ta test savoli) fanlaridan iborat bo‘ladi. O‘quvchilar to‘plagan ballarning asosiy qismi (80 foizi)ni tanqidiy fikrlash va mantiqiy bilimni talab etuvchi topshiriqlarni bajarish orqali yig‘ishlari mumkin. Ballarning faqat 20 foizigina ingliz tili faniga to‘g‘ri keladi. Shu bois nomzodlar ingliz tilidan mukammal tayyorgarlikka ega bo‘lmay, tanqidiy va mantiqiy fikrlash qobiliyati yaxshi rivojlangan bo‘lsa ham, ularning Prezident maktablariga qabul qilinish ehtimoli yuqoriligicha qoladi. Nomzodlar istagiga ko‘ra ushbu yo‘nalishdagi imtihon savollari ingliz tilida emas, davlat tilida berilishi mumkin.

Yuqori sinf o‘quvchilari uchun ingliz tilining ahamiyati qariyb 40 foizdan ziyod bo‘lishi kutilmoqda. Sababi ular kelgusida xorijlik o‘qituvchilar o‘tadigan STEAM-fanlarni o‘rganish uchun yetarli salohiyatga ega bo‘lishlari zarur. O‘quvchi xohishiga ko‘ra tanqidiy fikrlash va mantiq bo‘yicha imtihonlarni ingliz tilida ham topshirilishi mumkin.

Agar talabgorlar bir xil miqdorda ball yig‘sa qabul komissiyasi nomzodlar bilan suhbat o‘tkazadi. Suhbatda o‘quvchining ota-onasi (qonuniy vakillari), zarur hollarda esa, psixolog hamda tibbiyot xodimlari ham ishtirok etishi mumkin. Mazkur jarayonda audio va videotasvirga olishga ruxsat beriladi.

Cambridge Assessment International Education qaroriga ko‘ra, nomzodlar va ularning ota-onalari imtihon natijalari yuzasidan apellyatsiyaga berish hamda imtihon ishlarini tekshirish huquqiga ega emas.

O‘quv jarayoni:

Prezident maktablari internat sifatida faoliyat yuritadi. Ya’ni, o‘quvchilarga haftaning 5 kuni mobaynida maktabda o‘qish va yashash imkoni beriladi. Dam olish kunlari ota-onalar farzandlarini uyga olib ketishlari mumkin.

Prezident maktablari o‘quvchilari bepul ovqat va maktab formasi bilan ta’minlanadi.

Prezident maktablaridagi o‘qitish jarayoni “STEAM — ta’lim” (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san’at, Mathematics — matematika) dasturi bo‘yicha amalga oshiriladi. Bu esa barkamol avlodning fikrlash qobiliyatini, irodasi, ijodiy salohiyati va kirishuvchanligini yanada rivojlantirish imkonini beradi. Mazkur yo‘nalishdagi darslar ingliz tilida o‘tiladi.

Yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun Prezident maktablarida o‘zbek tilida chuqurlashtirilgan holda olib boriladigan ona tili va adabiyot, tarix va boshqa fanlarga ham alohida ahamiyat qaratiladi.

Ayni paytda Prezident maktablari uchun mahalliy va xorijiy mutaxassislarni tanlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda (www.pm.xtv.uz).

Prezident maktabida ta’lim jarayoni 9-11-sinf o‘quvchilarining qiziqishlariga ko‘ra tashkil etiladi.

Prezident maktablari bitiruvchilariga belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Prezident maktablari loyihasining rasmiy kanallari:

Xalq ta’limi vazirligi Prezident maktablarining rasmiy sayti (pm.xtv.uz) hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari:

(Telegram: https://t.me/prezident_maktablar, Facebook: https://www.facebook.com/prezident.maktablar, Instagram: https://www.instagram.com/prezident_maktablar).

Ushbu sahifalarda Nukus, Toshkent, Xiva va Namangan shaharlaridagi maktablarning ishga tushirilishi haqida rasmiy ma’lumotlar chop etiladi.

Qolaversa, +998 71 2077222 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish orqali Prezident maktabiga qabul jarayoni haqida ma’lumot olish mumkin.

Prezident maktablariga topshiriladigan hujjatlar quyidagi manzillarda qabul qilinadi:

Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Salom ko‘chasi 1, 241-maktab binosi

Namangan shahri, Boborahim Mashrab ko‘chasi, Barkamol avlod bolalar markazi

Xiva shahri, Yangiturmush maxallasi, R. Majidiy ko‘chasi 12-uy, Xiva shahar xalq ta’limi bo‘limi

Nukus shahri, Olloyor Do‘stnazarov ko‘chasi, Ibrohim Yusupov nomli Davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati

Free WordPress Themes