Ota-onalar farzandi baholarini onlayn kuzatib borishi mumkin bo‘ldi - Dono.uz

Ota-onalar farzandi baholarini onlayn kuzatib borishi mumkin bo‘ldi

Ota-onalar endi farzandining o‘qishini, baholarini va o‘zlashtirishini onlayn kuzatib borishi mumkin. 29-may kuni Xalq ta’limi vazirligi va «Kundalik» kompaniyasi Toshkent maktablarida elektron jurnal va kundaliklarni sinovdan o‘tkazgan. Bu haqda minbar.uz xabar berdi.

Aprel-may oylarida Kundalik raqamli ta’lim platformasi poytaxtdagi 53 ta umumta’lim maktabida sinab ko‘rilgan edi. Loyihaning birinchi bosqichida qatnashgan maktablar sinf jurnallarini bir vaqtning o‘zida qog‘oz va Kundalik tizimida elektron shaklda yuritishgan.

Kundalik tizimi nimasi bilan qulay?

Kundalik tizimi onlayn rejimda dars jadvallari, o‘qituvchilar dars rejalari, o‘quvchilarning darsdagi ishtiroki hamda o‘zlashtirishini elektron jurnal va kundaliklarga kiritib borish imkonini beradi;

  • ta’lim muassasasining statistik hisobotlarini ishlab chiqishni ta’minlaydi;
  • tizim orqali o‘quvchilar va ota-onalar uy vazifalari hamda baholar haqida istalgan vaqtda ma’lumot olishi mumkin;
  • bu ma’lumotlar himoyalangan ijtimoiy tarmoqlar orqali taqdim etiladi.

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining aytishicha, 1-sentyabrgacha Toshkent shahridagi barcha maktablarda elektron jurnal va kundaliklar joriy etiladi.

Onlayn tizim o‘qituvchilarga ham foydalidir. «Kundalik» kompaniyasi tizimni sohaga joriy etishda o‘qituvchilar va maktab rahbarlariga ham yordam beradi. Ular jurnallarni onlayn yuritishi, o‘quvchilarga baho qo‘yishi mumkin.

Eng muhimi, kasalligi yoki boshqa uzrli sabab bilan dars qoldirgan o‘quvchi shu platforma orqali masofadan ta’lim olish imkoniga ega.

Xalq ta’limi vazirligi va «Kundalik» kompaniyasi maktablarda elektron jurnal va kundaliklarni yuritish loyihasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 2018-yilning oktyabr oyida kelishib olgandi. Kompaniya loyihani hayotga tatbiq etish, qo‘llab-quvvatlash va tizimni rivojlantirish xarajatlarini o‘z zimmasiga olgan.

Free WordPress Themes