Yoshlar akademiyasi qanday tashkilot? - Dono.uz

Yoshlar akademiyasi qanday tashkilot?

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining:

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasini tashkil etish;

Yoshlar akademiyasining raisligini O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosarlaridan biriga yuklatish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Yoshlar akademiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

vazirlik va idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarni ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini oshirish;

iqtidorli va tashabbuskor yoshlar bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borish hamda ularni mamlakatning yetakchi olimlari va ishbilarmonlari bilan hamkorligini ta’minlash;

ilmiy-tadqiqotlarni bajarish ishtiyoqiga ega iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borishlariga imkon yaratish, yangi avlod yosh olimlarini tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;

yosh olimlar tomonidan aniq vazifalarni hal etishga, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan yuqori texnologik ishlanmalarni ishlab chiqishga qulay sharoitlar yaratish;

ilmiy-innovatsion akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etish asosida tashabbuskor yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish;

yoshlarning startap loyihalarini xo‘jalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalarini izchil rivojlantirish bo‘yicha zamon talablariga javob beradigan, tijoratlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqishga yo‘naltirish;

xalqaro va mahalliy darajada e’tirof etilgan tashkilotlar, universitetlar, ilmiy markazlar bilan yaqindan aloqalar o‘rnatish, ularning olimlari va mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, treninglar, shuningdek, dolzarb ilmiy-innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiyalar, seminarlar va tanlovlar o‘tkazish;

iqtidorli yoshlarni rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishlariga imkoniyat yaratish.

Yoshlar akademiyasida 40 yoshgacha bo‘lgan olimlar, tadbirkorlar va tashabbuskor yoshlarning ilmiy-ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida quyidagi platformalar asosida tashkil etiladi:

G‘oyalar generatorlari – Yoshlar akademiyasining asosiy yo‘nalishlariga tegishli bo‘lgan ma’lum bir muammoni yechimiga qaratilgan innovatsion g‘oyaga ega tashabbuskor olimlar va tadbirkorlar jamoalari platformasi;

Startaplar – o‘z g‘oyasi va ushbu g‘oyani amalga oshirishga qaratilgan startap loyihalari va ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejaga ega tashabbuskor olimlar va tadbirkorlar jamoalari platformasi;

Biznes vakillari – faoliyatida ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini qo‘llagan va tegishli sohada kamida 1 yillik tajribaga ega tadbirkor va olimlar jamoalari platformasi;

Bo‘lajak akademiklar – yuqoridagi uchta platformalarda faol ishtirok etgan, mamlakatning ilm-fan rivojlanishiga katta hissa qo‘shayotgan, tadqiqotlari mamlakatni izchil rivojlantirishga qaratilgan, tijoratlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar va texnologiyalarni ishlab chiqishda faol ishtirok etgan, nufuzli xorijiy nashriyotlarda ilmiy maqolalar chop etgan yuqori ilmiy salohiyatga ega olimlar jamoasi.

Yoshlar akademiyasi faoliyati doirasida O‘zbekiston kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, robototexnika va mexatronika, farmatsevtika, biotexnologiya, dasturlash, sanoat dizayni, 3D modellash va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda amaliy, innovatsion va startap loyihalari amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tugatilsin va uning 5 ta shtat birliklari amaldagi moliyalashtirish tartibi saqlab qolgan holda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimiga o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining markaziy apparati tuzilmasida Yoshlarning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish boshqarmasi tashkil etiladi va u Yoshlar akademiyasining ishchi organi etib belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Yoshlar akademiyasi a’zolari uchun zamonaviy infratuzilmaga ega sharoitlar yaratish maqsadida:

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi binosining laboratoriyalari, akseleratori va kovorking maydoni Yoshlar akademiyasiga erkin foydalanishga beradi;

2019 yil yakuniga qadar Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda Yoshlar akademiyasining a’zolariga dunyoning yetakchi mamlakatlari tajribasi asosida Toshkent viloyati Nurafshon shahrida barpo etilayotgan “aqlli shahar” hududida zamonaviy infratuzilmaga ega kichik va ixcham “Science Park” tashkil etish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Yoshlar akademiyasining Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilanadi:

xo‘jalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalaridagi Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalarining jami mablag‘larining yiliga 10 foiz miqdoridagi mablag‘lari;

Yoshlar akademiyasi Vasiylik kengashi a’zolarining ixtiyoriy ravishda ajratilgan homiylik mablag‘lari;

xalqaro moliyaviy institutlar, donorlarning grantlari va kreditlari;

jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozit hisoblariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

Yoshlar akademiyasiga biriktirilgan bino va inshootlarni ijaraga berishdan olingan tushumlar;

muassasa va tashkilotlar, shu jumladan xususiy korxonalar bilan tuzilgan xo‘jalik shartnomalari doirasida olingan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarga yo‘naltirilishi mumkinligi belgilab qo‘yiladi:

innovatsion, amaliy va startap loyihalarni moliyalashtirishga;

ilmiy-amaliy tadbirlar (simpozium, konferensiya, trening, davra suhbatlari va master-klasslar) tashkil etishga;

Yoshlar akademiyasi faoliyatini tashkil etishga, xorijiy va mahalliy yetakchi olimlar, mutaxassislar hamda vatandoshlarni o‘rnatilgan tartibda jalb qilishga, malaka oshirish dasturlariga va xorijiy patentlash xarajatlarini qoplashga;

xalqaro hamkorlik ishlari va stajirovkalarni tashkil etishga.

kun.uz

Free WordPress Themes