Oʻzbekiston maktablarida “Elektron davomat” tizimi joriy etiladi - Dono.uz

Oʻzbekiston maktablarida “Elektron davomat” tizimi joriy etiladi

2021-yil 1-sentyabridan boshlab “Elektron davomat” tizimini Oʻzbekistondagi barcha umumtaʼlim maktablarida bosqichma-bosqich joriy etilishi kutilmoqda.

“Umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilar davomatini nazorat qilishning yagona elektron dasturiy tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi hukumat qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Qaror loyihasida Xalq taʼlimi vazirligi va Ichki ishlar vazirligining umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilar davomatini nazorat qilishning yagona elektron dasturiy tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berish nazarda tutilgan.

Qaror loyihasiga Umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilar davomatini nazorat qilishni taʼminlovchi “Elektron davomat” tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisida nizom ilova qilingan.

“Elektron davomat” tizimining asosiy vazifalari:

– umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari darsga oʻz vaqtida qatnashishini biometrik identifikatsiya tizimlari va boshqa usullar yordamida monitoring qilib borish;

– oʻquvchilarning taʼlim olishiga koʻmaklashish va taʼlim olish jarayoniga oʻz vaqtida ishtirok etishini masofaviy tarzda nazorat qilib borish;

– umumtaʼlim maktablarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni rivojlantirish, ular orqali umumtaʼlim maktablarida taʼlim jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash va korrupsiyani oldini olish;

– voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari bolaning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishlari shart hamda ularning tarbiyasi va taʼlim olishlari uchun javobgarligi boʻyicha qonunlarda belgilangan normalarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlashga amaliy asos yaratish;

– ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda farzandlarining umumtaʼlim maktablaridagi davomati haqidagi maʼlumotlarni kuzatib borish imkoniyatini yaratish.

“Xalq taʼlimi vazirligi:

2020-yil 1-sentyabrga qadar “Elektron davomat” tizimini ishlab chiqib, Toshkent shahridagi umumtaʼlim maktablariga davlat-xususiy sherikligi asosida sinov tariqasida joriy etsin;

2021-yil 1-sentyabridan boshlab “Elektron davomat” tizimini respublikamizdagi barcha umumtaʼlim maktablarida bosqichma-bosqich joriy etilishini taʼminlasin”, deyilgan hujjat loyihasida.

OʻzA

Free WordPress Themes